Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand tumanidagi maktablar qishki mavsumga tayyor

Tumanda 54 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi hamda “Barkamol avlod” bolalar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Ularda 39 ming 551 nafar o‘quvchiga 2548 nafar o‘qituvchi ta’lim-tarbiya bermoqda.

2019 yilda investitsiya dasturi doirasida tumandagi 21-, 26-maktab, “Obod qishloq” dasturi asosida 38-, 42-maktablar kapital rekonstruksiya qilindi. Bulardan tashqari, tumandagi 9 ta maktabning 19 ta isitish qozonlari yangilariga almashtirildi. Ushbu ta’lim muassasalarining 5490 metr isitish quvurlari va 623 ta batareyalari yangidan o‘rnatildi. 2350 metr kvadrat yo‘lak va saflanish maydonchalari beton qoplamalar bilan qoplandi, 10 ta hojatxona joriy ta’mirlandi.

Tumanda 25 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablari tabiiy gaz bilan ta’minlangan. Qolgan 30 ta ta’lim maskanlari uchun 880 tonna ko‘mir (207 tonna ko‘mir, 673 tonna ko‘mir briketi) ajratilgan. Barcha ta’lim muassasalari elektr energiyasi, ichimlik suvi bilan to‘liq ta’minlandi va maxsus chiqindixonalar tashkil etildi.

Shu o‘rinda ta’kidlash lozimki, tizimda muammolar ham yo‘q emas. Xususan, 12 ta maktabning binolari kapital ta’mirga muhtoj. 6 ta maktabdagi eshik va romlar eskirgan. Ayrim maktablarda oshxona faoliyati yo‘lga qo‘yilmagan yoki buning uchun alohida bino yo‘q.

Bular qisqa fursatda, bir yo‘la hal etiladigan masalalar emas. Ammo mavjud muammolarni bosqichma-bosqich bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.

Samarqand tumani hokimligi axborot xizmati.