Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand va Nagoya shahri hamkorligi rivojlanadi

Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov Yaponiyaning Nagoya shahri meri Takasi Kavamura boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalari tobora rivojlanib borayotganligi alohida qayd etildi.

Jumladan, E.Turdimov Nagoya shahri meri Takasi Kavamurani Samarqandga tashrifi bilan qutlab, o‘zbek-yapon hamkorlik aloqalari qadimdan rivojlanib kelganligiga e’tibor qaratdi.

- Ayni paytda “Afrosiyob” muzeyida saqlanayotgan devoriy suratlarda ham yaponiyalik elchilar tasviri buning yorqin misoli, - dedi viloyat hokimi. – Shuningdek, joriy yilda Yaponiyadan Samarqand shahri 60 ta charter reyslari tashkil qilindi. Samarqand avtomobil zavodida yaponiyaliklar bilan amalga oshirilayotgan hamkorlikdagi loyihalar natijasida yuksak muvaffaqiyatlarga erishilmoqda.

O‘z navbatida, janob Takasi Kavamura ham iliq munosabatlar uchun viloyat hokimiga o‘z minnatdorchiligini bildirib, kelgusida sanoat yo‘nalishidagi loyihalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirishga xayrixoh ekanini bildirdi.

O‘zaro fikr almashishlar jarayonida tekstil, sanoat sohalarida hamkorlikni kuchaytirish, ta’lim bo‘yicha almashinuv dasturlarini amalga oshirish, oziq-ovqat mahsulotlari eksportini yo‘lga qo‘yish, turizmni rivojlantirish masalalarini amalga oshirish bo‘yicha takliflar bildirildi. Viloyat hokimi mazkur yo‘nalishlardagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha Nagoya ishbilarmonlari bilan biznes-forum o‘tkazishni taklif qildi.

Tashrif davomida Nagoya delegatsiyasi “Konigil meros” xususiy korxonasida bo‘lib, Samarqand qog‘ozi hamda “Samarqand-Buxoro ipak gilami” qo‘shma korxonasida ipak gilam mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishdi. Shuningdek, Samarqandning tarixiy va diqqatga sazovor maskanlarini tomosha qildi.

- Yaponiyaliklarning Samarqand shahriga qiziqishi juda yuqori, jumladan, Nagoyada ham, - deydi janob Takasi Kavamura. – Bu bejizga emas ekan, bugun shaharning diqqatga sazovor joylarini ko‘rib, bunga amin bo‘ldim. Biz turizm sohasi bo‘yicha Samarqand bilan hamkorlik qilishdan xursandmiz va bu tez orada o‘z natijasini beradi.

Alisher ISROILOV.