Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov shahar kunini nishonlashda hissa qo‘shgan yurtdoshlarimizga minnatdorchilik bildirdi

Kecha xalqimiz Samarqand shahri kunini keng nishonladi. Bu sana munosabati bilan bo‘lgan tadbirlar, avvalo, qadimiy kentimiz nechog‘lik ulug‘vor ekanini va elimiz bu shaharga nechog‘lik mehr berganini namoyish etdi.

Bayram barcha jamoalar va mahallalarda yuksak saviyada, uyushqoqlik bilan o‘tdi. Ayniqsa, bayram kunlari shaharda qishloq xo‘jalik mahsulotlari yarmarkasining o‘tkazilishi, 4 joyda katta konsert tomoshalari uyushtirilishi odamlarning kayfiyatini oshirdi.

Shu bois Samarqand shahri kuni tadbirlarini tayyorlash, uyushtirishda faollik ko‘rsatgan madaniyat, ma’rifat xodimlariga, xalq ta’limi va oliy o‘quv yurtlari jamoalariga, obodonchilik idorasi xodimlariga, shaharni tartibga keltirish hamda obodonlashtirishga hissa qo‘shgan barcha tashkilotlarga, Toshkentdan kelib o‘z san’atini namoyish etgan san’atkorlarga minnatdorchiligimni bildiraman.

Bu tabarruk shahar kuni tadbirlari xalqimizning milliy an’analari, insonparvarlik fazilatlari, o‘zaro inoqligini yana bir bor namoyish etdi. Jonajon Vatanimiz, faxr-g‘ururimiz - Samarqand gullab-yashnayversin!