Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining ovqatdan ommaviy zaharlanish bo‘yicha tarqalgan xabar yuzasidan rasmiy ma’lumoti

Mazkur holat bo‘yicha dastlabki ma’lumotlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga joriy yilning 16 sentyabr kuni soat 16:10 dan soat 18:30 ga qadar turli xonadonlarda yashovchi 7 nafar fuqarolar bir xil klinik belgilar (ko‘ngil aynish, qayt qilish, bosh og‘rig‘i, qorin sohasida og‘riq, 4-5 marta ich ketish, tana haroratining yuqoriligi, holsizlik) bilan murojaat qilishgan.

Zaharlanish sabablarini o‘rganish borasida o‘tkazilgan epidemiologik surishtiruvlarda aniqlanishicha, barcha bemorlar Registon ko‘chasida joylashgan “Mo‘’jiza” restoranida 14 sentyabr kuni kechki vaqtda o‘tkazilgan to‘ydan so‘ng ortib qolgan go‘sht va assorti hamda ayrim oziq-ovqat mahsulotlarini uyiga olib kelishgan. Shundan so‘ng bu taomlar joriy yilning 15 sentyabr kuni tushlikda va kechki ovqatda iste’mol qilingan.

Shu kuni kech soat 18:00 lardan ko‘ngil aynishi va qayt qilish kabi klinik belgilar bilan kasallik boshlangan. Ayrimlari uy sharoitida muolaja o‘tkazgan, ahvoli yaxshilanmagach, tez tibbiy yordamga murojaat qilgan.

Hozirda shifoxonaga murojaat qilgan bemorlarga ovqat toksikoinfeksiyasining yengil va o‘rta og‘ir darajasi tashxisi qo‘yilib, shifokorlar nazoratida davolash ishlari olib borilmoqda.