Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Samarqand" xalqaro aeroportida 23 million so‘mlik zargarlik buyumlari ushlandi

Samarqandlik bojxonachilar bu gal ham “Istambul-Samarqand” yo‘nalishida zargarlik buyumlarini ushlab qolishdi, deb xabar bermoqda viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati.

"Samarqand" xalqaro aeroportiga Turkiya davlatidan uchib kelgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi D.D. yashil yo‘lak orqali bojxona nazoratidan o‘tayotganida unga tegishli bagaj sumkasi bojxonachilar e’tiborini tortdi. Natijada bojxona xodimlari xolislar ishtirokida fuqaroga tegishli sumkani ko‘zdan kechirishdi.

Sumka ichidan O‘zbekiston Respublikasiga bojxona to‘lovlarisiz olib kirish me’yoridan ortiqcha 20 quti jami 2400 juft qizlar ziragi va bir nechta quloq teshadigan maxsus vositalar borligi aniqlandi.

Ushbu holat yuzasidan bojxonachilar tomonidan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma rasmiylashtirildi hamda sudga yuborildi.

O‘tkazilgan sud majlisida fuqaro D.D. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddalari bilan huquqbuzar deb topildi. Unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 33-moddasi qo‘llanilib, eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdorida jarima jazosi tayinlandi.

Shuningdek, huquqbuzarlik ashyosi sifatida olingan jami bahosi 23 million so‘mga yaqin bo‘lgan zargarlik buyumlar va quloq teshadigan maxsus vositalar tegishli tartibda davlat foydasiga musodara qilindi.