Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqand yoshlari qanday kinolarni ko‘rishni xohlaydi?

Samarqand shahar Yoshlar markazida “Yoshlar va kino” shiori ostida O‘zbekiston xalq artisti Xayrulla Sa’diyev, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Matyoqub Matchonov, “Yoshlar” tajriba studiyasi rahbari Izzatulla Saidjabborov va aktyor Qahramon Meliyevlarning samarqandlik yoshlar bilan ijodiy uchrashuvi o‘tkazildi.

Unda bugungi o‘zbek kinosining yutuq va kamchiliklari, olinayotgan kinolar, aktyorlarning  mahoratli ijrosi, muammolar hamda samarqandlik yoshlarning o‘zbek kinosidan kutayotganlari, taklif va mulohazalari haqida so‘z yuritildi.

- 1967 yilda “Shum bola”da rol o‘ynash uchun Samarqandga kelgandim, - dedi Xayrulla Sa’diyev. – Bu yerning ijodiy muhiti begona emas, qanchadan-qancha mahoratli aktyorlar, rejissyorlar, kino arboblari kamol topgan maskan. Uchrashuvdan maqsadimiz ham ijodkor yoshlar bilan hamkorlik qilish, ularning fikrlarini tinglash, ularning g‘oyalari asosida ssenariylar yozib, yangi kinolarni suratga olishdan iborat. Buning uchun tomoshabinning fikri, qanday filmlarga ehtiyoji borligini o‘rganish juda muhim.

Yoshlar tomonidan kinoijodkorlarga tarixiy siymolarimiz, mazmunan boy, milliy an’ana va qadriyatlarimizni targ‘ib etuvchi kino va teleseriallar ishlash borasida ko‘plab savollar berildi.

- Viloyatlarimiz ichida Samarqanddagina kinoteatrlar saqlanib qolingan, - deydi Matyoqub Matjonov. – Bizda ham tarixiy kinolarimizning soni yildan-yilga oshmoqda. 2019 yilda “Islomxo‘ja”, “Abdulla Avloniy”, “Qo‘qon shamoli” kabi filmlar tomoshabinlarga havola etildi. Bu yil “Isaxon Ibrat” tarixiy filmi hamda urush davri manzaralarini hikoya qiluvchi “Ilhaq” nomli kinolar ustida ish olib borayapmiz. Turk ijodkorlari bilan hamkorlikda 12 qismdan iborat “Jaloliddin Manguberdi” teleseriali ham s’yomka jarayonida. Shuni aytishim kerakki, kinoprokatda kamchiligimiz bor. Yangi-yangi filmlar ishlayapmiz, ammo namoyish etishga, tomoshabinga ko‘rsatishga imkoniyatimiz cheklangan. Shuning uchun har bir viloyatda “O‘zbek kinosi kunlari” o‘tkazishni taklif qildik. Mobil kinoteatrlar orqali tomoshabinlarga yangi asarlarni namoyish etishni yo‘lga qo‘yamiz.

Shuningdek, uchrashuvda “O‘zbekkino” milliy agentligi qoshida “Yoshlar tajriba studiyasi” tashkil etilgani aytildi. Unda 40-50 nafar yosh iste’dodlar rejissyorlik, qo‘shiq aytish, aktyorlik mahorati bo‘yicha malakali mutaxassislardan saboq olmoqda. Asosiysi, bu yerda yoshlar o‘z ijod namunalarini sahnalashtirishi, film olishi uchun ham barcha imkoniyatlar yaratilgan.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.