Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda 5 avgust kuni avtotransport vositalari oynalarini qoraytirish uchun 537 million so‘m pul to‘landi

Vazirlar Mahkamasi tomonidan shu yil 2 avgustda qabul qilingan “Tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) oynali avtotransport vositalaridan foydalanishni tartibga solish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bilan avtotransport vositalari oynalari tusini o‘zgartirishning yangi tartibi belgilandi, buning uchun amalga oshiriladigan to‘lovlar sezilarli darajada kamaydi.

5 avgustdan yangi tartib asosida avtotransport vositalari oynalari tusini o‘zgartirishga ruxsatnomalar berish boshlandi.

Samarqand viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining ma’lumotlariga ko‘ra, kecha dastlabki kunda Samarqand viloyati bo‘yicha 139 ta shaxsiy, 6 ta yuridik shaxsga tegishli avtomobillar oynalari tusini o‘zgartirish uchun 537 million 430 ming so‘m to‘lov amalga oshirilgan va ruxsatnomalar berilgan.

Jumladan, birinchi toifa (yengil avtotransport vositalari orqa yon oynalari tusini qoraytirish uchun bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravari – 2 million 230 ming so‘m miqdorida to‘lov) bo‘yicha jismoniy shaxslar tomonidan 117 ta avtomashina uchun jami 260 million 910 ming so‘m, yuridik shaxslarga tegishli 4 yengil mashina uchun jami 8 million 920 ming so‘m to‘lov amalga oshirilgan.

22 nafar jismoniy va 2 nafar yuridik shaxs esa ikkinchi toifa (yengil avtotransport vositalari orqa va old yon oynalar bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravari – 11 million 150 ming so‘m) bo‘yicha ruxsatnoma olish uchun jami 267 million 600 ming so‘m to‘lov qilgan.

5 avgust kuni oynalarni qoraytirish uchun ruxsatnomalar faqatgina viloyat IIB YHXB rasmiylashtirish va imtihon olish bo‘limi tomonidan berilgan. Viloyatda yana uchta tumanlararo imtihon olish va rasmiylashtirish bo‘limlari faoliyat ko‘rsatishini hisobga olsak, ruxsatxonalar miqdori kun sayin oshib borishi tabiiy.