Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda askar onalariga kutilmagan sovg‘a taqdim etildi

Samarqandda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 28 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan «Askar onalarini sharaflaymiz!» nomli madaniy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tmoqda.

Markaziy harbiy okrug tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan anjumanga farzandlari boshqa viloyatlarda xizmat qilayotgan onalar, askarlar ishtirok etmoqda.

Avvalo onalar Markaziy harbiy okrugda askarlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar. Xususan, askarlarning kitob mutolaasi uchun tashkil etilgan zamonaviy kutubxona, panoramali o‘q otish trenajyor zali, ruhiy zo‘riqishlarni bartaraf etish xonasi va boshqa qulayliklarni ko‘zdan kechirishdi.

Markaziy harbiy okrug qo‘mondoni A.Saidov ishtirokchilarni bayram bilan qutlar ekan, yurtimizda harbiylar, ularning oilalari uchun yaratilayotgan shart sharoitlar haqida to‘xtaldi.

Onalar uchun kutilmagan sovg‘a - Buxoroda xizmat burchini o‘tayotgan askarlarning tashrifi barchaning ko‘zlarida yosh qalqishiga sabab bo‘ldi.

- Harbiy qismga kelishda bunday ehtirom va hurmatni kutmagandim, - deya  hayajonini yashirolmadi bulung‘urlik Malohat Umrzoqova. - Ayniqsa, farzandimning kirib kelishi kutilmagan sovg‘a bo‘ldi. Ertagacha farzandlarimiz bilan vaqtimizni o‘tkazishga ruxsat berilishidan boshimiz osmonga yetdi.

G.MO‘MINOVA.