Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda bugungi kutilmagan jala oqibatlari bartaraf etilmoqda

Joriy yilning 29 aprel kuni soat 16:00 dan soat 18:00 ga qadar viloyatimiz hududida kuzatilgan kuchli yomg‘ir oqibatida Samarqand shahrining Galaosiyo, So‘zangaron, Mirzo Ulug‘bek, Shohi Zinda, Tunukasozlar, Oybek va Izboskan ko‘chalari hududiga yig‘ilgan oqava suvlarining ariqlardan toshib chiqishi sababli 8 nafar fuqaroning hovlisi va yerto‘lalariga suv kirganligi kuzatildi.

Jala oqibatlarini bartaraf etishga viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasidan 6 ta maxsus texnika va 44 nafar shaxsiy tarkib vakillari, obodonlashtirish boshqarmasi, “Suvoqava” DUKdan 8 ta maxsus texnika va 52 nafar ishchi-xodimlar jalb qilindi.

Shuningdek, “Toshkent-Samarqand-Buxoro” M-37A avtomobil yo‘lining 39-40 kilometrdagi yomg‘ir suvlarining ariqqa sig‘masdan oqib tushishi tufayli yo‘lning 2-3 metri, chuqurligi 1,5 metr va kengligi 0,6 metrlik qismi yuvilib ketgan. Hozirda uni bartaraf etish maqsadida ish olib borilmoqda.

Shiddatli yomg‘ir sabab Bulung‘ur tumani markazining Alisher Navoiy ko‘chasidagi 19-uy, Furqat ko‘chasidagi 24-uy, Baxshi ko‘chasidagi 10-uy, Sharof Rashidov ko‘chasidagi 14-uy, Spitamen ko‘chasidagi 60-uy, Sohibkor ko‘chasidagi 25 “A”-uy, Chamanzor ko‘chasidagi 12-uy va Hamid Olimjon ko‘chasidagi 6-uyning hovlisiga suv oqib kirgan. Bulung‘ur tumani obodonlashtirish bo‘limi tomonidan aholiga yordam ko‘rsatilmoqda.

Shuningdek, M-37 avtomobil yo‘lining Bulung‘ur tumaniga tutash Yuqori nuqta post-maskani hududida ham surunkali yomg‘ir suvlari avtomobil yo‘liga chiqib ketib, yo‘lda soat 17:00 dan soat 17:40 gacha vaqtincha bir tomonlama qatnov yo‘lga qo‘yildi. Ayni paytda ushbu holat bartaraf etilib, avtomobil qatnovi yo‘lga qo‘yildi.

 

Samarqand viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasi axborot xizmati.