Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda IIB xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan fuqaroga jinoyat ishi ochildi

2 fevral kuni Qo‘shrabot tumani Boytup mahallasi Solpi qishlog‘ida yashovchi fuqaro A.B. tezkor tadbirga jalb qilingan “X” ismli shaxsga olti dona “NGMK SAYaNIT-P 36 mm” nomli portlovchi moddalarni 1.000.000 so‘mga sotayotgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.

Holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borish jarayonida ushbu fuqaro unga nisbatan to‘plangan hujjatlarni ijobiy hal qilib berib, jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik hamda uni jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga IIB xodimiga 2 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni pora tariqasida taklif qilgan.

IIB xodimi fuqaroga bir necha marotaba pora berish jinoyat ekanligini tushuntirishiga qaramay A.B. keyinroq pulni olib kelishini aytgan.

Holat yuzasidan IIB xodimi boshqarma boshlig‘ining nomiga bildirgi bilan murojaat qilgan.

Bildirgiga asosan bugun, 3 fevral kuni Respublika IIV o‘z xavfsizligi boshqarmasi Samarqand viloyat bo‘yicha bo‘limi xodimlari va Qo‘shrabot tumani prokuraturasi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilib, fuqaro A.B. IIB xodimining xizmat xonasida o‘ziga nisbatan to‘plangan hujjatlar bo‘yicha ishni ijobiy tomonga hal qilish va jinoiy javobgarlikka tortmaslik evaziga 2 ming AQSh dollari miqdoridagi pullarni bergan vaqtida ushlandi.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Samarqand viloyati IIB axborot xizmati.