Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda mahalla raisi daraxtlarni o‘zboshimchalik bilan kesgani uchun jarimaga tortildi

Joriy yilning 29 oktyabr kuni Samarqand shahridagi Siyobcha mahallasi hududida ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ruslan Gafurov tomonidan 7 tup akatsiya daraxtlari noqonuniy ravishda, o‘zboshimchalik bilan kesib tashlangani aniqlandi.

Mazkur holat Samarqand shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish inspeksiyasi xodimlari tomonidan joyiga borib o‘rganildi.

O‘zbekiston Respublikasining "Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonuni 21-moddasi, "O‘simlik dunyosini muhofaza qilish to‘g‘risida"gi qonunning 37-moddasi, 2-qismi 49-51-moddalari talablarini buzganligi uchun Siyobcha mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Ruslan Gafurovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi MJtKning 79-moddasi 1-qismi bilan ma’muriy qaror chiqarilib, eng kam oylik ish haqining 10 barobari miqdorida (2 million 230 ming so‘m) jarima solindi. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 yanvardagi 43-sonli qarori 4-ilovasiga binoan o‘simlik dunyosiga yetkazilgan 7 million 582 ming so‘m miqdoridagi zarar aniqlanib, o‘ndirish choralari ko‘rilmoqda.

Sanjar SADULLAYeV,

Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi axborot xizmati rahbari.