Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda Markaziy Osiyo NNTlari akademiyasining ilk muloqoti bo‘lib o‘tdi

Mazkur akademiya mintaqa mamlakatlarining 20 dan ziyod NNTlarini birlashtiradi. “Yuksalish” umummilliy harakatining ushbu tashabbusini Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi qo‘llab-quvvatlaydi.

Muloqot avvalida “Yuksalish” umummilliy harakati raisi Bobur Bekmurodov, Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi mintaqaviy vakili Ronni Xayne hamda viloyat va Samarqand shahri hokimligi vakillari so‘zga chiqdi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda o‘zaro hamkorlik va ishonchni mustahkamlashning ijobiy tendensiya kuzatilmoqda. Umuman, vaziyat 2016 yilgacha bo‘lgan davr bilan solishtirganda ancha yaxshilangan.

Ekspertlar muammolarning faqat birinchi sirt qatlamini hal qilishga erishilganini qayd etdi. Bir necha dolzarb masalalar hali ham o‘z yechimini kutmoqda. Oldinda ko‘plab vazifalar turibdi. Umumiy vazifa esa mintaqa mamlakatlari o‘rtasida ishonchni mustahkamlashning yuzaga kelayotgan tendensiyalarini ortga qaytmaydigan qilishdir. Ishtirokchilar fikricha, hozirda ushbu jarayonlarga fuqarolik jamiyati institutlarini yanada kengroq jalb etish maqsadga muvofiq. Chunki ular mintaqalararo hamkorlikning erishilgan natijalarini mustahkamlash, sa’y-harakatlarni birlashtirish va muhim ijtimoiy muammolarni birgalikda hal etishga beqiyos hissa qo‘shmoqda.

Bugungi kunda Markaziy Osiyo mamlakatlarida o‘n minglab jamoat (nodavlat) tashkilotlari faoliyat olib boradi, ular o‘z tarmoqlarida yuz minglab faollarni, volontyorlarni, jamoatchilik fikri yetakchilarini birlashtiradi. Fuqarolik jamiyati darajasidagi o‘zaro hamkorlik mintaqa mamlakatlarining nodavlat notijorat tashkilotlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni jadal rivojlantirish uchun asos yaratadi, tizimli o‘zaro yordamni ta’minlaydi va uchinchi sektorda umumiy siyosatni muvofiqlashtirish uchun sharoit yaratadi.

Mahalliy NNTlar hamda Markaziy Osiyo jamoat tashkilotlarining xodimlari va faollari ochiq muloqot formatida hududlarda fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni rivojlantirish imkoniyatlari, zamonaviy tendensiyalari, chaqiriqlar, eng yaxshi tajribalarni muhokama qildi, mintaqadagi har bir davlat kesimida muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotgan tarmoqlar, koalitsiyalar, alyanslarni, ularning o‘xshash va farqli tomonlarini ko‘rib chiqdi.

Samarali muloqotlar yakunida Akademiya ishtirokchilari shunchaki takliflarni emas, balki kelgusi hamkorlikning aniq mexanizmlarini, nohukumat tashkilotlar darajasida Markaziy Osiyo mintaqasida barqaror rivojlanish yo‘lidagi yagona platformani shakllantirish bo‘yicha strategik qadamlarni ishlab chiqdi.

“Yuksalish” umummilliy harakati axborot xizmati.