Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda muammosi tugamayotgan yangi uy

Yangi uyga ko‘chib kirgan kishining quvonchi cheksiz bo‘ladi. Ammo ayrim oilalar yangi uyga ko‘chib o‘tganlaridan keyin yangi tashvishlarga duch keladi. Bu holat chekka hududlarda, olis qishloqlarda emas, shaharlar markazida ham kuzatiladi. Yaqinda tahririyatimizga Samarqand shahri Narpay ko‘chasi 170-uydan kvartira sotib olish uchun shartnoma imzolagan fuqaro N.Jo‘rayev hamda bugungi kunda shu yerda istiqomat qiluvchi 8 nafar fuqaroning imzosi bilan kelgan shikoyat xatini o‘qib, shunday xulosa qildik.

Xatda yozilishicha, Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatayotgan “Rudakiy qurilish va ta’mirlash” ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-qurilish xususiy korxonasi tomonidan turar joy sifatida rekonstruksiya qilingan bino fuqarolarga sotilgan. Davlat qabul hay’ati a’zolari 2017 yil 3 iyul kuni mazkur ob’yektni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risidagi dalolatnomani imzolagan. Bugungi kunda fuqarolar bu ko‘p qavatli uyda yashab kelayotgan bo‘lsa-da, yashash uchun yetarli sharoitlar mavjud emas.

Shikoyat xatini o‘rganish uchun 170-uyga bordik. Ko‘cha tomondan binoyidek ko‘ringan ko‘p qavatli uyning old tomoniga o‘tib qarasangiz, haqiqatan ham rekonstruksiya ishlari ko‘ngildagidek amalga oshirilmaganiga guvoh bo‘lasiz. Birinchi ko‘zga tashlanadigan jihati, uyning old tomonining fasadi orqa tarafidek zamonaviy ko‘rinishga ega emas, eski ko‘rinishining ustidan nomigagina bo‘yoq surtib qo‘yilgan, xolos. Uyning uchta yo‘lagi mavjud bo‘lib, ikkita yo‘lakda lift ishlamaydi. Shu uyda yashovchilarning ta’kidlashicha, ishlab turgan birgina lift ham yuqori qavatda yashovchi fuqaroning o‘z hisobidan ta’mirlaganligi uchun harakatlanib turibdi.

- Yangi uyda rohat bilan yashash orzuimiz bor edi, - deydi fuqaro Shuhrat Rasulov. – Lekin ko‘chib o‘tganimizdan beri boshimiz tashvishdan chiqmaydi. Birinchidan, kanalizatsiya quvurlari talab darajasida o‘rnatilmagan. Shu sababli uyimizning yerto‘lasi tez-tez suvga to‘lib qolardi. Buni bartaraf etish maqsadida mutasaddilarga murojaat qildik, ammo natija bo‘lmadi. O‘zimiz anchagina mablag‘ evaziga ta’mirlatdik. Ikkinchidan, bolalar maydonchasi yo‘q edi. Muammolarimiz bo‘yicha viloyat hokimiga murojaat qilganimizdan so‘nggina bolalar maydonchasi bunyod etildi. Uchinchidan, liftlar ishlamaydi. To‘rtinchidan, kommunal sohada qaysi tashkilotga borsak, mutasaddilar biz yashayotgan uyning ichimlik suvi, oqova suv, gaz va elektr tarmoqlarining zarur hujjatlari bu tashkilotlarga belgilangan tartibda topshirilmaganligini ta’kidlaydi. Xususan, transformator Samarqand shahar elektr tarmoqlari korxonasi tasarrufiga o‘tkazilmagan. Demak, maxsus laboratoriya sinovlari haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Bu esa mazkur ko‘p qavatli uyda yashovchi aholi hayoti uchun xavfli.

Bu e’tirozlarga izoh so‘rab, “Rudakiy qurilish va ta’mirlash” ixtisoslashtirilgan ta’mirlash-qurilish xususiy korxonasi ish yurituvchisi Rustam Yaxyoyevga murojaat qildik. Uning ta’kidlashicha, ob’yektni foydalanishga qabul qilish haqida davlat qabul hay’atining dalolatnomasi tuzilgan. Shu dalolatnomaga asosan uning nazarida hamma ishlar risoladagidek bitgan.

- To‘g‘ri, ob’yektni foydalanishga qabul qilish haqida davlat qabul hay’atining dalolatnomasi tuzilgan, - deydi murojaat qilgan fuqarolardan yana biri Normurod Jo‘rayev. - Ammo bizga berilgan ma’lumotlarga ko‘ra qurilish tashkiloti tomonidan Samarqand shahar gaz ta’minoti hududiy uchastkasiga binoning gaz loyiha va ijro texnik hujjatlari taqdim etilmagan, ko‘p qavatli uyni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi transformator shahar elektr ta’minoti korxonasi balansiga topshirilmagan, shuningdek uyning ichimlik suvi tarmoqlari keyingi ekspluatatsiya uchun viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasi Samarqand shahar filiali ixtiyoriga belgilangan tartibda topshirilmagan.

Bu holatlarga aniqlik kiritish maqsadida Samarqand shahar elektr ta’minoti korxonasi hamda viloyat bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali Samarqand shahar gaz ta’minoti hududiy uchastkasi rahbarlari bilan suhbatlashdik.

- Haqiqatan ham qurilish tashkiloti tomonidan rekonstruksiya qilingan uyning texnik shartlari bajarilganligi, elektr energiyasidan foydalanish mumkinligi haqidagi ushbu dalolatnomaga imzo qo‘yib, muhr bosganman, - deydi shahar elektr ta’minoti korxonasi rahbari A.Mutalibov. – Ammo bu ko‘p qavatli uyni elektr energiyasi bilan ta’minlovchi transformator shahar elektr tarmoqlari korxonasi balansiga topshirildi, degani emas. Shuning uchun biz bu uy elektr tizimida muammo bo‘lsa xizmat ko‘rsatmaymiz. Hududda elektr bilan bog‘liq baxtsiz hodisa ro‘y bersa, javobgarligi qurilish tashkiloti zimmasida.

A.Mutalibovning so‘zlaridan ob’yektni foydalanishga qabul qilish haqida davlat qabul hay’atining dalolatnomasiga transformator korxona balansiga o‘tmasa ham imzo qo‘yish mumkin, degan fikrni anglash mumkin. Gaz ta’minoti idorasiga borganimizda masala yuzasidan qiziq holatga duch keldik.

- Dalolatnomadagi muhr filialning muhri, ammo imzo viloyatda shu sohada rahbarlik qilgan shaxslarning imzosiga o‘xshatolmadim, - dedi viloyat bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali Samarqand shahar gaz ta’minoti hududiy uchastkasi rahbari B.Turdiyev. – Aslida foydalanishga topshirilgan binoning gaz loyiha va ijro texnik hujjatlari shahar gaz ta’minoti hududiy uchastkasiga taqdim qilingach, ob’yektni foydalanishga qabul qilish haqida davlat qabul hay’atining dalolatnomasiga imzo va muhr qo‘yilishi kerak edi.

Mana, ikki rahbarning ikki xil fikri. Xo‘sh, bunga nima deysiz? Biz hali dalolatnomaga imzo qo‘ygan o‘nga yaqin rahbarlar bilan uchrashmadik. Aftidan ularning ham gapi shu ma’noda bo‘ladi.

Viloyatda qurilayotgan yangi uy-joylardagi muammolar talaygina. Bu ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokama qilinmoqda. Mavjud muammolarga barham berish, asosiysi, ularning oldini olishda mutasaddilardan katta mas’uliyat talab etiladi. O‘ylaymizki, bizga murojaat qilgan fuqarolarning muammosi ham tegishli mutasaddilar e’tiboridan chetda qolmaydi. Chunki bu uyda istiqomat qilayotganlar har kuni, har soatda kundalik muammolarga duch kelayapti.

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV olgan suratlar.