Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda noqonuniy qurilgan yangi ko‘p qavatli uy-joylar bilan elektr energiyasini sotish yuzasidan shartnomalar tuzilmaydi

Xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasi qarori bilan “Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati direktori U.Jo‘rayevga shu mazmundagi vazifa yuklatilgan.

Negaki, U.Jo‘rayevning hisobotida qayd etilishicha, aholi va ulgurji iste’molchilarning yetkazib berilgan elektr energiyasidan qarzdorligi 639,2 milliard so‘mga yetgan. Ya’ni, yil boshiga nisbatan qarzdorlik 156,1 milliard so‘mga oshgan.

Ta’kidlanishicha, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning elektron avtomatlashtirilgan tizimi joriy etilgunga qadar 210 ming 315 ta iste’molchilardan to‘lovlar undirilgan. Tizim joriy etilganidan so‘ng 550 ming 352 ta iste’molchilardan to‘lov undirish imkoniyati yaratilgan.

Joriy yilning o‘tgan to‘qqiz oyida 1 trillion 122 milliard (shundan, aholiga 411 milliard 336 million, ulgurjiga 710 milliard 700 million) so‘mlik elektr energiyasi yetkazib berilgan. Biroq 948,5 milliard so‘m yoki 84,5 foiz mablag‘ undirilgan.

Oqibatda aholining 548,1 milliard so‘m va ulgurji iste’molchilarning 91 milliard so‘m debitor qarzdorligi vujudga kelgan.

Sessiyada debitor qarzdorlikni kamaytirish maqsadida bajarilishi lozim bo‘lgan ishlar yuzasidan aniq vazifalar belgilandi.