Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda o‘tkaziladigan "Suvni asrang!" aksiyasi viloyat hokimligi e’tiborida

Samarqand shahridagi yoshlar markazida ertaga - 20 iyulda o‘tkaziladigan “Suvni asrang!” aksiyasini o‘tkazish, uni tashkil qilish bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Viloyat hokimi E.Turdimov boshqargan yig‘ilishda ichki ishlar idoralari xodimlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, tegishli boshqaruv idoralari mutasaddi xodimlari, talaba-yoshlar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, bugungi kunda dunyoning 2 milliarddan ko‘proq aholisi toza ichimlik suvi tanqis hududlarda hayot kechirayotgan bo‘lsa, yiliga 5 million nafar fuqaro sifatsiz yoki kafolatlanmagan suvni iste’mol qilish oqibatida hayotdan ko‘z yummoqda.

- O‘zimizda ham suv muammosidan aziyat chekayotgan hududlar oz emasligi boshqa joydagi odamlarimiz suvdan to‘g‘ri foydalanyaptimi, degan haqli savolni keltirib chiqaradi, – dedi E.Turdimov. – Shu bois, aholida suvdan foydalanish madaniyatini yuksaltirish, u isrof bo‘layotgan holatlarga nisbatan murosasizlik hissini shakllantirish maqsadida ushbu aksiya o‘tkazilmoqda.

Qayd etilganidek, "Suvoqova" davlat unitar korxonasi xodimlari va yoshlar ittifoqining ko‘ngilli yoshlari bugun kun bo‘yi shahar, tumanlarda aholi xonadonlarida suvdan foydalanish va tejash holati, joylardagi ichimlik suvi bilan bog‘liq muammolarni o‘rganadi. Bu borada targ‘ibot-tushuntirish ishlarini olib boradi.

Aksiya doirasida viloyat “Suvoqova” davlat unitar korxonasi tomonidan 14 ta avariya-tiklash brigadalari tashkil qilingan. Maxsus transport vositalari va payvandlash uskunlari bilan ta’minlangan ushbu brigadalar ko‘ngillilar tomonidan aniqlangan nosozlikni bartaraf etish choralarini ko‘radi.

B.XONKELDIYeV.