Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika instituti ochiladi(mi?)

Shu kunlarda yurtimizda “O‘zbekiston-Finlandiya ta’limining hamkorlik istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy forumi o‘tkazilmoqda.

Ushbu tadbir doirasida “Rovio” kompaniyasi direktori, ta’lim investori Piter Vesterbaka hamda Finlandiya vakillari Samarqand shahriga keldi. Finlandiyalik delegatsiya viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilov hamrohligida Samarqand davlat universiteti va “Ipak yo‘li” xalqaro turizm universitetida bo‘lishdi. Mazkur oliygohlar rektorlari R.Xolmurodov va J.Eltazarov bilan uchrashuvda mamlakatimiz rahbari taklifi bilan o‘tgan yili noyabr oyidan boshlab Finlandiya ta’lim tizimi tajribasi o‘rganilib, ikki davlat o‘rtasida hamkorlik ishlari amalga oshirib kelinayotgani, unda ta’lim tizimi bo‘yicha ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik natijalari va istiqboldagi rejalar xususida so‘z bordi.

Ta’kidlanganidek, bir guruh tajribali finlandiyalik pedagoglar Navoiy viloyati Zarafshon shahridagi maktablarda o‘zbek bolalariga ta’lim beryapti. Kelgusida ular samarqandliklar bilan ham hamkorlikda ishlashni, tajriba almashish maqsadida malaka oshirish o‘quv kurslarini tashkil etishni, shuningdek, bu yerda O‘zbekiston-Finlandiya pedagogika institutini tashkil etishni rejalashtirilayotganini aytishdi.

Shundan keyin finlandiyalik mehmonlar Samarqand shahridagi 81-umumiy o‘rta ta’lim maktabida bo‘lib, dars jarayonlarini kuzatdi.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov (foto).