Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda qancha xotin-qiz ish bilan ta’minlanadi?

2020 yilda Samarqand viloyatida 37 558 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlanishi rejalashtirilgan. Viloyat bandlik bosh boshqarmasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, haq to‘lanadigan jamoat ishlariga 2680 nafar, subsidiya ajratish orqali 520 nafar, kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha 2569 nafar xotin-qiz jalb qilinishi ko‘zda tutilmoqda.

Shuningdek, “O‘zpaxtasanoat” AJ tomonidan tashkil etiladigan ish o‘rinlariga 3600 nafar, “O‘zipaksanoat” uyushmasi tomonidan tashkil etiladigan ish o‘rinlariga 24 675 nafar, maqsadli jamg‘armalar orqali 279 nafar xotin-qiz ish bilan ta’minlanadi. Bundan tashqari, vaqtinchalik o‘zini o‘zi band qilganlarga mehnat guvohnomalari rasmiylashtiriladi.

Fuqarolarni kasbga tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish maqsadida Kattaqo‘rg‘on qurilish va sanoat kasb-hunar kolleji hamda Bog‘ishamol sanoat kasb-hunar kollejlari viloyat bandlik bosh boshqarmasi tasarrufiga o‘tkazildi. Ayni paytda ushbu kollejlarga o‘qishga qabul qilish ishlari boshlangan.

Kattaqo‘rg‘on qurilish va sanoat kasb-hunar kollejida 14 yo‘nalishda 3 oydan, 6 oygacha o‘quv kurslari mavjud bo‘lib, jami 975 nafar o‘quvchi qabul qilinishi rejalashtirilgan. Kollejda xotin-qizlar uchun tikuvchilik, sartaroshlik va dekorativ kosmetika ustasi, oshpazlik kurslari mavjud.

Bog‘ishamol sanoat kasb-hunar kollejida esa 5 yo‘nalishda 300 nafar o‘quvchi o‘qishga qabul qilinadi. Kollejda xotin-qizlar uchun tikuvchilik, IT (kompyuter) bo‘yicha mutaxassislik kurslari bor. Shuningdek, kollejga hujjat topshirganlar soniga qarab, fevral oyidan o‘qish boshlanadi.