Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda qaysi ta’lim muassasalari onlayn tarzda o‘qishga o‘tdi?

Keyingi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda u yoki bu ta’lim muassasasi karantinga olinib, o‘qish onlayn usulda amalga oshirilayotgani haqida gap-so‘zlar keng tarqaldi. Ushbu holatlar haqida aniq vaziyatni bilish maqsadida Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi axborot xizmatiga murojaat qildik.

Mutasaddi tashkilot vakillarining ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi kunlarda Samarqand viloyatida ham aholi orasida COVID-19 infeksiyasiga chalinish holatlari ko‘paymoqda. Joriy yilning 11 aprel holati bo‘yicha Samarqand viloyatida 18 nafar o‘qituvchi va 29 nafar o‘quvchida COVID-19 infeksiyasi aniqlandi. Samarqand shahridagi 34, 32, 35, 71, 12-umumiy o‘rta ta’lim maktabida, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 50, 5 va 13-maktabda, Samarqand tumanidagi 4-maktab va Urgut tumanidagi 26- maktabdagi o‘qituvchi va o‘quvchilarda ham bu kasallikka chalinish holatlari aniqlandi.

COVID-19 infeksiyasi aniqlangan maktablarda dezinfeksiya tadbirlari muntazam ravishda o‘tkazilmoqda. Kasallikka chalingan bemorlar bilan muloqotda bo‘lganlar PZR usulida tekshirildi. Kasallik aniqlanganlar uy karantiniga olinib, masofaviy o‘qitish usuliga o‘tkazildi. 

Samarqand viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi yuqoridagi holatdan kelib chiqib, fuqarolarni yana bir bor hushyorlikka chorlaydi. Jamoat hamda ish joylarida tibbiy niqobni doimiy tarzda taqib yurishga, ijtimoiy masofani saqlash, qo‘llarni muntazam ravishda yuvib turish, antiseptik vositalardan tez-tez foydalanishga chaqiradi.