Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda rahbarlar qon topshirdi

Samarqand viloyat qon quyish markazida xalqaro donorlar kuni munosabati bilan «Donorlik - oliyjanob va savobli ish» mavzusida aksiya o‘tkazildi.

Aksiya davomida turli kasalliklar yoki baxtsiz hodisalar tufayli qon almashtirishga muhtoj bemorlarning hayotga qaytishlariga yordam berish, umidvor ko‘ngillariga malham bo‘lish hamda sog‘ayib ketishlariga hissa qo‘shishdek xayrli va savobli ishga bel bog‘lagan yuzdan ortiq yurtdoshimiz ixtiyoriy ravishda qon topshirdi. Bunday beg‘araz qon topshiruvchilar orasida viloyat hokimining o‘rinbosarlari, davlat xizmatlari xodimlari, korxona-tashkilotlar rahbarlari ham bo‘ldi.

- 14 iyun beg‘araz qon donorligini nishonlaydigan o‘ziga xos kundir, - deydi viloyat qon quyish markazi rahbari Rofe Aliyev. – Qon berib insonlar hayotini saqlab qolish va aholining qonga bo‘lgan ehtiyojini qoplash, favqulodda holatlarga tayyor turish, davlat qon zaxirasini boyitish, insonlarni doimiy beg‘araz donorlikka jalb etish, yoshlarni rahmdillik va insoniylik ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etadi. Joriy yilning besh oyida ana shunday ezgu ishga bel bog‘lagan 12 ming kishi markazimizda beg‘araz donor sifatida ro‘yxatdan o‘tdi.

Aksiya davomida beg‘araz qon topshirganlarga markazning tashakkurnomasi va esdalik sovg‘alari topshirildi.

Zarifa QAYuMOVA.