Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda sobiq IIB xodimi oqlandi

Bir muddat avval sudning shunday qarorini olgan fuqaroga 145 million so‘mdan ko‘proq moddiy va mulkiy ziyon qoplanadigan bo‘lyapti.

Sud hujjatlariga ko‘ra, u avval Paxtachi tumani IIB tergov guruhi katta tergovchisi vazifasida ishlagan.

Bundan 7 yil avval pora olish bilan bog‘liq jinoyatda ayblanib, ozodlikdan mahrum qilingan. Aybsizligini isbotlash uchun qilgan harakatlari natijasida 2021 yilda aybsiz deb topilib, oqlangan.

Aksariyat hollarda kuzatilgani kabi u shu bilan cheklanmagan. Natijada sobiq IIB xodimi oqlangani munosabati bilan reabilitatsiya qilindi.

Mutaxassislarning bildirishicha, qonunga xilof harakatlar oqibatida u 145 million 406 ming 124 so‘m ish haqi va boshqa moddiy daromadlaridan mahrum bo‘lgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi viloyat moliya bosh boshqarmasidan ushbu pul mablag‘larini sobiq IIB xodimi foydasiga undirish haqida ajrim chiqardi.

Unga, shuningdek, moddiy va ma’naviy zararlarini undirish yuzasidan asoslantiruvchi hujjatlarini taqdim qilgan holda, kelgusida fuqarolik tartibida sudlarga murojaat qilish huquqi borligi tushuntirilgan.