Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda soliq idorasining qarori haqiqiy emas deb topildi

Sud “SAMARKAND BUSINESS” MChJ ga (nomi o‘zgartirilgan)145,4 mln. so‘m qo‘shimcha qiymat solig‘i noto‘g‘ri hisoblangani haqida qaror qabul qildi. Bunga Biznes-ombudsman devonining Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlari tomonidan tadbirkor manfaatini ko‘zlab kiritilgan da’vo sabab bo‘lgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili devoni yetakchi inspektori Shavkat Hamdamovning bildirishicha, joriy yilning o‘tgan davrida Biznes-ombudsman devonining Samarqand viloyatida faoliyat ko‘rsatuvchi xodimlariga 500 dan ortiq murojaatlar kelib tushgan. Ularning 170 ga yaqini qanoatlantirilib, 270 ga yaqin murojaat yuzasidan huquqiy tushuntirishlar berilgan.

Murojaatlarni ko‘rib chiqish jarayonida ularda keltirilgan vajlarni chuqur o‘rganish va imkon qadar qanoatlantirishga, tadbirkorlarning buzilgan huquq va manfaatlarini sud orqali ishonchli himoya qilishga asosiy e’tibor qaratilmoqda.

Misol uchun, “SAMARKAND BUSINESS” MChJning (nomi o‘zgartirilgan) viloyat davlat soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi natijalaridan norozi bo‘lib murojaat qilgan.

Unga ko‘ra, soliq boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan kameral soliq tekshiruvi natijasida korxonaga qo‘shimcha 145,4 mln. so‘m qo‘shimcha qiymat solig‘i hisoblash bo‘yicha qaror qabul qilingan.

Tabiiyki, jamiyat mutasaddilari bu qarordan norozi bo‘lan. Biroq bu inobatga olinmay masala soliq idorasi tomonidan mustaqil hal qilingan.

Vaholanki, Soliq kodeksining 14-moddasida ko‘rsatilgan huquqni suiiste’mol qilishning, bitim qalbakiligining (ko‘zbo‘yamachilik uchun tuzilganligining) holatlarini aniqlash, shuningdek ularning oqibatlarini qo‘llash soliq organlari tomonidan, soliq to‘lovchi norozi bo‘lgan taqdirda esa soliq organlarining da’vosi bo‘yicha sud tomonidan amalga oshirilishi belgilangan.

Shunga ko‘ra, Samarqand viloyati davlat soliq boshqarmasining “SAMARKAND BUSINESS” MChJga nisbatan “Kameral soliq tekshiruvida aniqlangan soliqqa oid huquqbuzarliklar materiallarini ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha” chiqargan qarorini haqiqiy emas, deb topish yuzasidan Samarqand tumanlararo ma’muriy sudiga ariza kiritildi. Sudning hal qiluv qaroriga muvofiq, soliq idorasining noqonuniy qarori haqiqiy emas deb topilib, tadbirkorning huquqlari tiklanishi ta’minlandi.