Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda tadbirkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollari senatorlar ishtirokida muhokama etildi

7 sentyabr kuni xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashining navbatdagi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

  Kengash raisi, Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov boshqargan yig‘ilish videokonferensaloqa shaklida o‘tkazildi.

  Sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, mahalliy kengashlar deputatlari, davlat hokimiyati va boshqaruvi idoralari, nodavlat-notijorat tashkilotlari, tadbirkorlik sub’yektlari vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

  Majlisda parlament ishchi guruhi tomonidan viloyatda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar holatini o‘rganish natijalari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

  O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi T.Norboyeva mamlakatimizda Prezidentimiz tomonidan tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgani, soha sub’yektlari uchun keng imkoniyat va imtiyozlar berilayotganini ta’kidladi.

  – Keyingi uch yilda tadbirkorlikni rivojlantirishning normativ-huquqiy bazasi mustahkamlanib, ushbu soha vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlatimiz rahbarining 50 dan ortiq farmon va qarorlari qabul qilindi, – dedi T.Norboyeva. – Soha rivojiga to‘siq bo‘luvchi ko‘plab omillar bartaraf etildi. Tadbirkorlik faoliyatiga asossiz aralashish va tekshirishlarga chek qo‘yildi. Hududlarda tadbirkorlar murojaatlarini qabul qilish, hal etishga ko‘maklashadigan Bosh vazir qabulxonalari va Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tashkil etildi. “Har bir oila – tadbirkor”, “Yoshlar – kelajagimiz” dasturlari asosida aholiga imtiyozli kredit mablag‘lari ajratish yo‘lga qo‘yildi. Bu kabi sa’y-harakatlar tufayli joriy yilning o‘zida mamlakatimizda tadbirkorlik sub’yektlari soni 60 mingtaga ko‘payib, jami 325 mingdan ortiqni tashkil etmoqda. Shu bilan birga hali sohada yechimini kutayotgan masalalar, tadbirkorlarning samarali ishlashiga xalaqit berayotgan muammolar ham yo‘q emas. Shuning uchun Oliy Majlis Senati joylarga chiqib, ushbu yo‘nalishdagi ishlarni o‘rganib, o‘rganish natijalari mahalliy kengashlarda muhokama etilmoqda.

  Shundan so‘ng, Oliy Majlis Senatining Samarqand viloyatida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni yanada rivojlantirishning dolzarb masalalarini o‘rganish bo‘yicha ishchi guruh rahbari, Senatning fan, ta’lim, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Z.Nizomxo‘jayev o‘rganish yakunlari bo‘yicha axborot berdi.

  Ma’ruzada ta’kidlanishicha, bugungi kunda viloyatda 50 ming 800 ga yaqin kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari mavjud. Ularning 21 ming 370 tasi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lsa, 29 ming 400 dan ortig‘ini yakka tartibdagi tadbirkorlar tashkil etadi.

  Viloyatda 2019-2020 yillarda yangi tashkil etilgan tadbirkorlik sub’yektlari sonini kamida ikki barobarga oshirish belgilangan. Jumladan, joriy yil yakuniga qadar 10 ming 100 ta yangi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etish rejalashtirilgan bo‘lib, yilning o‘tgan davrida 5955 ta yangi tadbirkorlik sub’yekti faoliyat boshlagan.

  Hozirgi kunda ish bilan band bo‘lgan aholining asosiy qismi, ya’ni 85 ming 240 nafari aynan kichik biznes sub’yektlarida mehnat qilib kelmoqda. Birgina joriy yilning o‘tgan olti oyi davomida kichik biznes sube’ktlari tomonidan 9 ming 851 ta yangi ish o‘rinlari yaratilgan.

  Joriy yilning 1 avgust holatiga barcha yo‘nalishlar bo‘yicha tijorat banklari tomonidan 4 trillion 103 milliard so‘m, jumladan kichik biznes sub’yektlariga 2 trillion 903 milliard so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.

  Viloyatda 2019–2020 yillarga mo‘ljallangan hududiy investitsiya dasturi doirasida jami 14,4 trillion so‘mlik 982 ta loyiha amalga oshirilishi belgilangan bo‘lib, hozirda 812 ta loyiha bo‘yicha tijorat banklari va loyiha tashabbuskorlarining 4,7 trillion so‘mlik mablag‘i o‘zlashtirilgan. Bugungi kunda 487 ta loyiha ishga tushib, 8 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratilgan.

2019-2021 yillarda viloyatda sanoat yo‘nalishida 10 trillion 754 milliard so‘mga teng bo‘lgan 207 ta loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 1 trillion 349 milliard so‘mlik 21 ta loyiha “Urgut” erkin iqtisodiy zonasi hududida, 277,2 milliard so‘mlik 21 ta loyiha viloyatdagi kichik sanoat zonalari hududida joylashtirilishi ko‘zda tutilgan.

  Tadbirkorlikni rivojlantirish, ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash maqsadida tegishli dasturlar doirasida jismoniy va yuridik shaxslarga jami 411,2 milliard so‘m miqdorida imtiyozli bank kreditlari ajratildi.

  Xususan, “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 344,7 milliard so‘m, fermer, dehqon va tomorqa yer egalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasidan 4,7 milliard so‘m, hunarmandchilikni rivojlantirishga 22,1 milliard so‘m, bandlikka ko‘maklashish jamg‘armasidan 5,4 milliard so‘m va “Yoshlar - kelajagimiz” dasturi doirasida 23,7 milliard so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi.

  Viloyatning eksport salohiyatini oshirish ko‘p jihatdan erkin iqtisodiy va kichik sanoat zonalari faoliyatiga ham bog‘liq. Bugungi kunda viloyatdagi “Urgut” erkin iqtisodiy zonasida 58 investor tomonidan umumiy qiymati 226 million AQSh dollariga teng 65 ta loyihani amalga oshirish ustida ish olib borilmoqda. Mazkur loyihalar to‘liq ishga tushirilishi hisobiga 4423 ta yangi ish o‘rinlari yaratilishi, 347,6 million dollarlik mahsulot ishlab chiqarilishi va 44 million dollarlik eksport amalga oshirilishi belgilangan.

  Ayni paytda viloyatning 14 hududida 115,8 gektar yer maydonida 19 ta kichik sanoat zonasi tashkil etilgan. Ularda investitsiya miqdori 67,1 million AQSh dollariga teng 96 ta loyiha amalga oshirilmoqda. Hozirgacha 32 ta loyiha ishga tushirilib, 742 ta yangi ish o‘rni yaratildi.

  Sessiyada tadbirkorlik yo‘nalishiga mas’ul vazirlik va tuzilmalarning hududlardagi boshqarma va bo‘limlari hudud manfaatlarini respublika darajasida ilgari surishga yetarlicha e’tibor qaratmayotganligi alohida ta’kidlandi. Ular aksariyat hollarda kunlik masalalar, jumladan, hisobot va jadvallar to‘ldirish bilan ovvora bo‘lib, mavjud tizimli muammolarni bartaraf etish bo‘yicha amaliy taklif va tashabbuslar ko‘rsatmayotganligi tanqid ostiga olindi.

  Shuningdek, bu borada mahalliy kengashlar deputatlari ham faol bo‘lishi, o‘z faoliyatida tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratishi, ularning muammolari asosida tegishli tuzilmalarga qat’iy deputatlik so‘rovlari bilan chiqishi, kichik biznes rivojiga to‘siq bo‘layotgan har qanday muammo va aniqlangan qonunbuzilishi holatlariga nisbatan birinchilardan bo‘lib munosabat bildirishlari zarurligi ta’kidlandi.

  Sessiyada kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan viloyat tashkilotlarini jalb qilgan holda vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshiriladigan aniq choralarni belgilash hamda ularning o‘z vaqtida ijro etilishi yuzasidan qat’iy nazorat o‘rnatish zarurligi qayd etildi. Xususan, mas’ul tuzilmalarni jalb qilgan holda faoliyati to‘xtab qolgan tadbirkorlik sub’yektlarining aniq ro‘yxatini shakllantirib, kelgusida ular ishini qayta yo‘lga qo‘yish yoki qonunchilikda belgilangan tartibda tugatish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligi aytib o‘tildi.

  Majlis davomida tadbirkorlar o‘zlarini o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan mutasaddilarga murojaat qilib, javob oldi. Bir qator taklif va tavsiyalar bildirildi.

  Sessiyada muhokama etilgan masala yuzasidan xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining qarori qabul qilindi.