Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda ta’minotchi tashkilotda ham, bog‘chalarda ham sanitariya qoidalari buzilgan

Xabaringiz bor, o‘tgan hafta axborot ulashuvchi saytlarda Samarqand shahridagi bir emas, uchta maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalarning ovqatdan ommaviy zaharlanishi bilan bog‘liq holat haqida ma’lumot tarqalib ketdi.

Samarqand shahridagi 80-, 98- hamda 106-sonli MTTlarda tarbiyalanayotgan 12 nafar bola ovqatdan zaharlanish toksikoinfeksiyasi yengil-o‘rta darajasi tashxisi bilan yotqizilgan. Tarbiyalanuvchilar ushbu bog‘chalarda osh, borщ, makaron, salat kabi aralash ovqatlarni iste’mol qilganliklari oqibatida sog‘ligi yomonlashib, shifoxonaga murojaat qilgan. Mazkur holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan 11 oktyabr kuni jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, shahar ichki ishlar idorasi huzuridagi tergov bo‘limiga yuborildi, deyilgan ushbu xabarlarda.

Samarqand viloyat sanitariya- epidemiologik osoyishtalik markazi bu holat bo‘yicha nima deydi?

- Mazkur holat yuz bergan kuniyoq maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tekshirish olib borildi, - deydi viloyat DSEOM bosh vrachi Manzura Otamurotova. - Ularning faoliyati o‘sha kuniyoq to‘xtatildi. Avvaliga 12 nafar bola shifoxonaga yotqizilgan bo‘lsa, holatdan keyin ushbu muassasalarda tarbiyalanayotgan mingdan ziyod bolalarning barchasi to‘la tibbiy tekshiruvdan o‘tkazildi hamda yana 22 nafar bola shifoxonaga yotqizildi. Ayni kunlarda bolalarning barchasi uyida, sog‘lomlashtirilgan. Faqat to‘rt nafari shifoxonada muolajani davom ettirmoqda. Markaz xodimlari tomonidan bog‘chalardagi oshxona, autsorsing tashkilotida mavjud oziq-ovqat mahsulotlaridan namunalar laboratoriya tekshiruviga olindi. Shuningdek, barcha xonalardagi ashyolar, o‘yinchoqlar ham nazoratdan o‘tkazildi. Olib borgan tekshiruvlarimiz davomida ushbu bog‘chalarga xizmat ko‘rsatgan «Ye.M» autsorsing korxonasida ham, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham sanitariya me’yorlari buzilganligi aniqlandi.

Ayni kunlarda bu kabi noxush holatlarning oldini olish maqsadida viloyatdagi barcha shahar va tumanlardagi MTTlarda faoliyat ko‘rsatayotgan oshpaz xodimlarning soha bo‘yicha tajribaga, bilimga egaligi tekshiruvdan o‘tkazilmoqda. Ovqatdan zaharlanishning oldini olish maqsadida zarur chora-tadbirlar amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Birinchi navbatda, barcha bog‘chalardagi sanitariya holati tekshiruvdan o‘tkazilishi boshlandi hamda bu ishlar tizimli olib borilishi belgilandi.

Aytish kerakki, shu yilning avgust oyida maktabgacha ta’lim vaziri A.Shin ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ham bog‘chalardagi oziq-ovqat bilan bog‘liq salbiy holatlarga izoh berilgandi. Ommaviy axborot vositalariga sohadagi muammolar haqida to‘xtalar ekan, maktabgacha ta’lim vaziri A.Shin jumaladan, quyidagilarni aytib o‘tgandi:

- Maktabgacha ta’lim tizimida kuzatilayotgan eng ko‘p muammolar ham, eng ko‘p korrupsion holatlar ham oziq-ovqat ta’minoti bilan bog‘liq. Yaqinda qabul qilingan “Maktabgacha ta’lim muassasalarida sog‘lom ovqatlantirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi Vazirlar Mahkamasi qaroriga asosan Bosh prokuratura va Adliya vazirligi bilan hamkorlikda bu borada tizimli ishlar olib borilmoqda. Sog‘liqni saqlash vazirligi mutaxassislari bilan kelishgan holda me’yorlashtirilgan ovqatlantirish tartibi ishlab chiqilmoqda. Bog‘chalarda ovqatdan zaharlanish holatlari ko‘pincha oziq-ovqat mahsulotlarini sifatli holda saqlashdagi muammolar bilan bog‘liq bo‘ladi. 

Maktabgacha ta’lim muassasalarida ishlovchi oshpazlar ham asosan umumiy ovqatlanish tizimi uchun tayyorlangan kadrlar hisoblanadi. Ular bolalar taomnomasi bo‘yicha mutaxassis emas. Shuning uchun ularni qayta tayyorlash, malakasini oshirish masalalari ham ko‘rib chiqilmoqda.

Demak, masalani jiddiy o‘rganish, ushbu vazifalarni jadal amalga oshirish shart va zarur.

Gulruh MO‘MINOVA.