Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda tibbiyot turizmi ham rivojlanadi

Samarqand shahrida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “ZARMED PRATIKSHA HOSPITAL GROUP” O‘zbekiston-Hindiston qo‘shma korxonasi tomonidan tashkil qilingan “ZARMED PRATIKSHA BOG‘ISHAMOL” tibbiyot markazi ish boshladi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda qatnashgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, Hindistonning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Shri Manish Prabxat, Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Abdulla Azizovlar yurtimizda barcha sohalarda bo‘lgani kabi tibbiyotda ham xususiy sektorning ulushi tobora kengayib borayotganligini alohida ta’kidlashdi. Yurtimizda tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, berilayotgan imtiyozlar natijasida ular tomonidan istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi. “ZARMED PRATIKSHA BOG‘ISHAMOL” tibbiyot markazi ham ana shunday loyihalardan biri bo‘lib, mamlakatimizda tibbiy xizmat sifatining oshishiga, tibbiyot turizmi rivojiga munosib hissa qo‘shishi ta’kidlandi.

Mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “ZARMED PRATIKSHA HOSPITAL GROUP” qo‘shma korxonasi “ZARMED” tibbiyot markazlari tarmog‘i hamda Hindistonning “PRATIKSHA GLOBAL” korxonasi tomonidan tashkil qilingan bo‘lib, korxonaning dastlabki loyihasi “ZARMED PRATIKSHA BOG‘ISHAMOL” tibbiyot markazi uchun 8,5 million AQSh dollari sarflangan. Shundan 1,5 million AQSh dollari chet el investitsiyasi hisoblanadi. Samarqand shahrining Kamoliddin Behzod mahallasi hududida joylashgan tibbiyot markazi bir vaqtning o‘zida 600 kishiga xizmat ko‘rsatish quvvatiga ega. Eng muhimi, tibbiy markazda 140 ta yangi ish o‘rni yaratilgan.

- Prezident Shavkat Mirziyoyevning Hindistonga tashrifi davomida biz, investorlar bilan uchrashib, investitsion loyihalarni amalga oshirish uchun O‘zbekistonda barcha imkoniyatlar yaratilishini ma’lum qilgan edi, - dedi “PRATIKSHA GLOBAL” korxonasi boshqaruv kengashi raisi Doktor Pramod Sharma. – O‘sha uchrashuvda, albatta, yurtingizga investitsiya kiritishimni, hamkorlikda loyihalarni amalga oshirishimni ma’lum qilgan edim. Mana “ZARMED PRATIKSHA HOSPITAL GROUP” qo‘shma korxonasini tashkil qilib, ilk loyihamizni ishga tushirdik. Bu jarayonda bizni barcha birdek qo‘llab turganidan mamnunmiz. Albatta, davlat tomonidan tadbirkorlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar bizni ko‘zlagan maqsadimizga erishishimizga zamin yaratdi. Biz nima uchun Samarqandni tanladik? Barchaga ma’lum, bugun turizm rivojlanmoqda. Samarqand jahonning turistik shaharlari ichida o‘z o‘rniga ega. Bizning loyihamiz tibbiy xizmat sifatini oshirish bilan birga, tibbiyot turizmi rivojiga ham munosib hissa qo‘shadi, degan umiddamiz.

“ZARMED PRATIKSHA BOG‘ISHAMOL” tibbiyot markazi zamonaviy tibbiy uskunalar bilan ta’minlangan bo‘lib, bu yerda shoshilinch tez tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘limi, tibbiyotning zamonaviy jarrohlik xizmatlari ham mavjud.

- Bu hindistonlik hamkorlarimiz bilan amalga oshirilayotgan dastlabki loyihamiz, - deydi mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklidagi “ZARMED PRATIKSHA HOSPITAL GROUP” qo‘shma korxonasi ta’sischisi Dilshod Shukrullayev. – Yaqin kunlarda xizmat ko‘rsatish quvvati 120 o‘ringa ega ikkinchi tibbiy markazimiz ham ishga tushadi. Hamkorlarimiz bilan zamonaviy tibbiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini tashkil qilishni rejalashtirganmiz. Hech kimga sir emas, minglab yurtdoshlarimiz xorijga tibbiy muolajalar uchun millionlab mablag‘ sarflab borib kelishadi. Maqsadimiz yurtdoshlarimiz talabiga mos tibbiy xizmatni shu yerda tashkil qilishdan iborat. Bu orqali yurtimizda tibbiyot turizmini ham rivojlantirishga o‘z hissamizni qo‘shamiz. Chunki, bugungacha ham qo‘shni davlatlarda tibbiy xizmatlarimizdan foydalanayotganlar ko‘pchilikni tashkil qiladi. Zamonaviy texnologiyalar asosida yuqori sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniga markazimizning ishga tushishi qo‘shni davlatlardan shifo istab keluvchilar sonini oshiradi, albatta.

Ta’kidlash joizki, “ZARMED PRATIKSHA BOG‘ISHAMOL” tibbiyot markazida o‘nga yaqin yuqori malakali tibbiyot mutaxassislari xizmat qiladi. Ularning asosiy qismi xalqaro tajribaga ega mutaxassislar hisoblanadi.

Alisher Isroilov.