Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda turmush o‘rtog‘iga pichoq urgan ayolga 4 yil ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi

Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani ochiq sayyor sud majlisida ko‘rib chiqilgan ish yig‘ilganlarning e’tiborini tortgan bo‘lishi tabiiy.

Negaki, ayol o‘z turmush o‘rtog‘iga pichoq urgan? Tushunyapsizmi, o‘qtalmagan, aynan urgan? Qiziq voqea shu darajaga borishiga nima uchun mahalla-ko‘y beparvo bo‘ldi? Yoshi ulug‘lar, oilaning kayvonilari, mahalla oqsoqollari nega ikki o‘rtadagi kelishmovchilikning shu darajaga yetishiga jim qarab turgan? Ana shu savollarga oydinlik kiritish uchun sud majlisi aynan mahalla fuqarolar yig‘inida ochiq sayyor shaklida o‘tdi.

Sudlanuvchi Jasmina Odilova (ism, familiyalar shartli) 1981 yil 13 may kuni Payariq tumanida tug‘ilgan. Muqaddam 2018 yil 27 mart kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudi tomonidan Jinoyat kodeksining 131-moddasi 1-qismi bilan aybli deb topilib, har oylik ish haqining 20 foizi miqdorini davlat daromadi hisobiga ushlab qolgan holda 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudining 2019 yil 21 yanvar kungi ajrimi bilan o‘talmay qolgan 1 yil 2 oy 16 kun axloq tuzatish ishlari jazosidan muddatidan ilgari shartli ravishda ozod qilingan.

O‘sha kuni, ya’ni 2019 yil 14 sentyabr kuni soat taxminan 17:00 larda o‘z yashash xonadonida turmush o‘rtog‘i bilan o‘rtalarida kelib chiqqan janjal oqibatida qo‘lida bo‘lgan oshxona pichog‘i bilan O.Bo‘riyeving ko‘krak sohasiga bir marta urib, unga og‘ir, hayoti uchun xavfli bo‘lgan tan jarohati yetkazgan.

Aniqlanishicha, ular 2007 yilda turmush qurib, birgalikda yashab kelgan. Uch nafar farzandlari borligiga qaramay, o‘rtalarida tez-tez kelishmovchilik chiqib, janjallar bo‘lib turgan.

Jasmina Odilova o‘sha kuni turmush o‘rtog‘i uyga somsa va aroq olib kelganligi, ovqat ustida yana og‘zaki aytishib, janjallashib qolishganligi, turmush o‘rtog‘i keyin uni o‘ldirishini aytib oshxonaga pichoq olib kelish uchun ketganida u ham boshqa xonadan oshxona pichog‘ini olganligini, buni ko‘rgan turmush o‘rtog‘i qo‘lidagi pichog‘ini yerga tashlaganligina bildirgan.

Jasminaning aytishicha, u kaltaklanishdan qo‘rqib, qo‘lidagi pichog‘ini o‘qtalib turganida turmush o‘rtog‘i uning qo‘lidagi pichoqni olib qo‘yish uchun vajohat bilan kelayotganida, turmush o‘rtog‘iga jarohat yetkazish maqsadida qo‘lida bo‘lgan pichog‘i bilan chap ko‘krak sohasiga bir marta yengil tan jarohati yetkazgan.

U o‘zini himoya qilish va turmush o‘rtog‘ini qo‘rqitib qo‘yish maqsadida unga pichoqni tiqqanligi, uni o‘ldirish niyati bo‘lmaganligi, shundan so‘ng turmush o‘rtog‘ining ko‘kragidan qon chiqqanligini ko‘rib, unga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida jarohatga spirt bosgan, tegishli tartibda tez tibbiy yordam xodimlariga xabar bergan.

Sud majlisida u turmush o‘rtog‘i sog‘ayib ketishi uchun har tomonlama yordam berib kelayotganligi, sodir etgan qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonligi, kelgusida bu kabi jinoyatga aslo qo‘l urmasligi haqida ko‘rsatma berib, qonuniy yengillik berishni so‘ragan.

Jabrlanuvchi Olmos Bo‘riyev turmush o‘rtog‘i bilan o‘rtalarida uch nafar farzandlari borligi, uning spirtli ichimlik iste’mol qilishi va begona erkaklar bilan gaplashganligi sababli oldindan o‘rtalarida o‘zaro oilaviy kelishmovchiliklar bo‘lib kelganligini bildirgan.

U shuningdek, o‘sha kuni uyga kelganida turmush o‘rtog‘i ovqat qilmaganligi sababli qiziga pul berib, somsa olib keltirganligi, birgalikda o‘tirib, somsa iste’mol qilayotganlarida 100 gramm aroq ichganligini aytgan.

Shu orada ular og‘zaki aytishib qolganlari uchun Jasmina arazlab yotoqxonaga kirib ketgan, qizi dasturxonni yig‘ishtirib, uydan chiqib ketganidan so‘ng Olmos uning oldiga borib, “ovqatni ham zahar qilding, indamasdan somsani yesang bo‘lmaydimi” deganida unga baqirib qarg‘ab ketgan va ikkalasi o‘zaro janjallashib, yotoqxonadan tashqariga chiqishgan. Jasmina yugurib oshxonaga kirib pichoq olgan.

Olmosning bildirishicha, u Jasminaga pichoqni tashlashini aytib, o‘z qo‘lidagi pichoqni yerga tashlagan. Jasmina pichoqni tashlamagach, o‘zini himoya qilish maqsadida uning qo‘lidagi pichoqni olmoqchi bo‘lganida chap ko‘kragiga bir marta urgan. Ko‘kragidan qon chiqqanini ko‘rib, Jasmina latta bilan qonni to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Ammo qon to‘xtamagach, tez-tibbiy yordam chaqirtirgan.

Olmos Payariq tumani Chelak shahri 1-sonli tibbiyot birlashmasida davolangan, turmush o‘rtog‘i qilmishi uchun undan kechirim so‘ragan. U sudda o‘rtalarida farzandlari borligi sababli Jasminaning qamalib ketishini istamasligi, hech qanday moddiy-ma’naviy da’vosi yo‘qligi haqida ko‘rsatma bergan.

Sud Jasmina Odilovaga Payariq tumani sudining 2018 yil 27 mart kungi Jinoyat kodeksi 131-moddasining 1-qismi bilan tayinlangan hukmi yuzasidan o‘talmay qolgan jazo muddatini qisman qo‘shib, uzil-kesil o‘tash uchun 4 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.

X.KELDIYaROVA,

jinoyat ishlari bo‘yicha Payariq tumani sudi sudyasi.