Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda yangi ish o‘rinlari yaratiladimi?

Har yili aholining o‘sishini hisobga olib, fuqarolarning turmush sharoitini yaxshilash maqsadida viloyatda yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Bu yil negadir viloyatda yangi ish o‘rinlari haqida axborotga ega emasmiz. Negaki, joriy yil boshidan buyon viloyat bandlik bosh boshqarmasiga bir necha bor qo‘ng‘iroq qildik. Biroq hanuzgacha tayinli javob ololmadik.

Kuni kecha boshqarma boshlig‘i bilan bog‘landik.

- Viloyatda qancha ish o‘rni yaratilishi haqida hanuzgacha Davlat dasturi tasdiqlangani yo‘q, - dedi A.Usmonov.

Savol tug‘iladi: Davlat dasturi tasdiqlanmasa, viloyatda ish o‘rni yaratilmaydimi? Buni qanday tushunish kerak? Aslida, bu yil ikki hissa ko‘p ish o‘rni yaratilishi kerak emasmi? Negaki, karantin sabab ko‘plab fuqarolarimiz xorijdan keldi. Ularning taqdiri nima bo‘ladi, kim ish bilan ta’minlaydi?

To‘g‘ri, viloyat hokimligining telegram kanalida viloyat bandlik bosh boshqarmasi korxona va tashkilotlarda mavjud bo‘lgan 10 mingdan ortiq vakant o‘rinlarga ishga taklif etilishi haqida e’lon berildi. Vakant o‘rinlarga o‘rtacha 1 million so‘m atrofida oylik taklif qilinayotgan ekan. Ba’zi ish o‘rinlarining maoshi 600-800 ming so‘m atrofida.

Endi o‘zingiz o‘ylang, bunday maosh bilan oila tebratib bo‘ladimi? Bugungi kunda viloyatda ishsizlar soni 148,8 ming nafarni tashkil etayotgan bir paytda Davlat dasturini kutib o‘tirish qanchalik to‘g‘ri?

Xurshida ERNAZAROVA.