Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda yilning birinchi yarmida 30 nafar shaxs oqlandi

Bu haqda Samarqand viloyat sudlarining 2021 yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan brifingda ma’lum qilindi.

Samarqand viloyati sudi raisi O.Hayitovning qayd etishicha, hisobot davrida viloyat, tuman va shahar jinoyat ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan 2328 nafar shaxsga nisbatan 1840 ta jinoyat ishi ko‘rib tamomlangan va 1366 ta ish bo‘yicha 1801 nafar shaxsga nisbatan hukm chiqarildi. 519 nafar shaxsga nisbatan 467 ta ish tugatildi. 

1700 nafar sudlanganlarning 414 nafariga ozodlikdan mahrum qilish, 622 nafariga ozodlikni cheklash, 477 nafariga axloq tuzatish ishlari, 165 nafar shaxsga jarima tayinlandi. Barcha instansiya sudlarida ko‘rib tamomlangan jinoyat ishlari bo‘yicha 200 nafar shaxs sud zalidan qamoqdan ozod qilindi. 127 nafar shaxs esa sud zalida qamoqqa olindi.

Shu davrda viloyat sudlarining barcha instansiyalarida 13 ta jinoyat ishi bo‘yicha 30 nafar shaxs oqlandi. 455 ta jinoyat ishi taraflarning yarashganliklari munosabati bilan tugatilib, 500 nafar shaxs jinoiy javobgarlikdan ozod qilindi.

– Mamlakatimizda qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar, – dedi viloyat sudi raisi O.Hayitov. – Biroq, qilmishidan tegishli xulosa chiqargan shaxslarga yengilliklar berilmoqda. Ularning aksariyati bu imkoniyatdan oqilona foydalanib sog‘lom turmush tarziga o‘tmoqda. Lekin bu yaxshilik, bag‘rikenglikning qadriga yetmaganlar ham uchrab turibdi. Davlat tomonidan ko‘rsatilgan insonparvarlikni to‘g‘ri tushunmay, belgilangan tartiblarni buzganligi uchun yilning birinchi yarmida 137 nafar shaxsga nisbatan tayinlangan jazolar og‘irrog‘iga, ozodlikdan cheklash jazosini o‘tayotgan 96 nafar shaxslarning jazosi esa ozodlikdan mahrum qilish jazosiga almashtirildi.

Brifingda qayd etilishicha, yilning birinchi yarmida viloyat sudlarida ko‘rilgan ishlar tahlili shuni ko‘rsatdiki, qasddan odam o‘ldirish, qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish va qo‘shmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash bilan sudlanganlar o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 8 nafarga ko‘paygan. Xuddiy shunday qasddan badanga yengil shikast yetkazish jinoyatini sodir etganlar 20 nafarga, haqorat qilish bilan sudlanganlar 34 nafarga, firibgarlik bilan shug‘ullanganlar 162 nafarga ko‘p bo‘lgan.

Yilning birinchi yarmida fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati va tumanlararo, tuman, shahar sudlari birinchi instansiyasida 17 ming 291 ta fuqarolik ishlari ko‘rildi. Shundan 13 ming 304 ta da’vo qanoatlantirilgan bo‘lsa, 2213 ta da’vo rad qilindi, 1131 ta ariza qonuniy asoslarga ko‘ra ko‘rmasdan qoldirildi, 643 ta ish ish yuritishdan tugatildi.

Nikohdan ajratish bilan bog‘liq 3414 ta fuqarolik ishining 1759 tasi qanoatlantirildi, 1313 ta da’vo rad etildi, 145 ta ish bo‘yicha tomonlar yarashtirildi.