Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda yo‘nalishli avtobus va taksilar harakati ochiq tenderga qo‘yildi

Viloyat transport boshqarmasida «Shahar, shahar atrofi va shaharlararo - viloyat ichki yo‘nalishlarida yo‘lovchilar tashishni tashkil etish va ochiq tenderlar o‘tkazish komissiyasi»ning navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Unda Kattaqo‘rg‘on tumanidagi “Fayz avto yo‘lovchi” MChJ tomonidan “Kattaqo‘rg‘on ABB-Bo‘ston” shahar atrofida taksi yo‘nalishini tashkil etish to‘g‘risidagi, shuningdek, Toyloq tumanidagi “Zoxirjon avto S” MChJ hamda “Hasan Zuhra A’zam” MChJlar tomonidan “Payshanbasiyob-Siyob ABB (Kaftarxona)” shahar atrofi yo‘nalishli taksilar harakatini o‘rganish yuzasidan bergan takliflari ko‘rib chiqildi.

So‘ngra viloyat hududida shahar, shahar atrofi va shaharlararo viloyat ichki yo‘nalishlarda ishlash huquqini olish uchun 73 ta avtobus va 62 ta yo‘nalishli taksi, shahar, shahar atrofi va shaharlararo viloyat ichki yo‘nalishlarda ishlash xuquqini olish bo‘yicha ochiq tender tashkil etildi. Unda ushbu yo‘nalishlarda ishlash huquqini qo‘lga kiritish maqsadida 26 ta yo‘lovchi tashuvchilar tomonidan 19 ta avtobus va 25 ta yo‘nalishli taksilariga bittadan talabgorlar hamda 14 ta yo‘lovchi tashuvchi korxonalar tomonidan 1 ta avtobus yo‘nalishiga va 6 ta yo‘nalishli taksilarga 2 tadan talabgorlar o‘z takliflari bilan ishtirok etdi.

Yo‘lovchi tashuvchi korxonalar tomonidan taqdim etilgan takliflar komissiya a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilib baholandi. Tender g‘oliblari komissiyaning har bir qatnashchi to‘plagan ballari bo‘yicha aniqlandi.

Komissiya ishchi guruhi tomonidan eng yuqori ball olgan tender g‘oliblarining takliflari haqqoniyligini 15 kun ichida tekshirish va natijalar bo‘yicha 20 kun muddat ichida tender shartnomalarini tuzish hamda «tender g‘olibi» guvohnomalarining berilishi kelishib olindi.

Talabgor bo‘lmagan yo‘nalishlar tahlil qilinib, takroriy ochiq tenderga qo‘yilishi yuzasidan qaror qabul qilindi.

Dilmurod To‘xtayev.