Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandda “Zukko bolajon!” fotoalbomi taqdimoti bo‘lib o‘tdi

«Yangi O‘zbekiston – inson qadri ulug‘langan yurt» shiori ostida viloyatda o‘tkazilayotgan «Ma’naviyat festivali» doirasida Samarqand shahridagi 36-sonli maktabgacha ta’lim tashkilotida «Zukko Bolajon» fotoalbomi taqdimotiga bag‘ishlangan badiiy-musiqali bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda poytaxtimizdan kelgan bir guruh ijodkorlar, olimlar, san’atkorlar hamda “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zolari ishtirok etdi.

- Ma’naviy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, o‘zgarishlarni eng quyi bosqich – maktabgacha ta’lim tashkilotidan boshlasakkina kutilgan natijaga erishamiz, - dedi Prezidentning yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Nodirjon Xolbo‘tayev. - Zero, davlatimiz rahbari ta’biri bilan aytganda «Har bir bola – bamisoli o‘sib, kuchga to‘layotgan, parvarishga muhtoj nozik nihol. Binobarin, uni hech qachon mehr va e’tibordan chetda qoldirib bo‘lmaydi.

Ushbu «Zukko Bolajon!» fotoalbomi respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, «Ma’rifat» targ‘ibotchilar jamiyati hamkorligida tayyorlangan.

Tadbirda falsafa fanlari doktori, professor Jamila Shermuhammedova, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash instituti professori Zuhra Ismoilova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoira Sayyora To‘ychiyeva so‘zga chiqib, bolajonlarga samimiy tilaklarini bildirdi. Ular bugungi kunda mamlakatimizda farzandlarimiz manfaatlarini himoya qilish, ularning jahon andozalariga muvofiq bilim olishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar haqida alohida to‘xtaldi.

Tadbir davomida "Zukko Bolajon!" fotoalbomi 36-sonli maktabgacha ta’lim muassasasiga topshirildi.

Tadbirda sahnaga bolajonlar taklif etildi, ular bolalikni tarannum etuvchi kuy-qo‘shiqlar hamda «Samarqand qizlari», «Andijon polkasi» nomli sho‘x raqslar bilan ishtirokchilar kayfiyatini ko‘tardi.

Shuningdek, tadbir davomida soha xodimlari uchun shu’balarga bo‘lingan holda bola tarbiyasi hamda uning ma’naviy kamoloti xususida seminar-trening o‘tkazildi.

«Zukko Bolajon!» loyihasi doirasida fotoko‘rgazma hamda Samarqand qo‘g‘irchoq teatri tomonidan tomoshalar namoyish etildi. Kulolchilikka qiziqishi bo‘lgan bolalar uchun darslar tashkil qilindi.