Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi noqonuniy dorixonalarning faoliyatiga qachon chek qo‘yiladi?

Xitoyda tarqalgan koronavirus haqidagi xabarlar ortidan O‘zbekistonda tibbiy himoya niqoblariga bo‘lgan talab oshdi. Biroq dorixonalarda tibbiy niqoblar narxi 500 so‘mdan 2000 so‘mgacha qimmatlab ketishi aholining haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.

“Daryo” muxbiri Farhod Norbo‘tayev va "Mushtum" jurnali muxbiri Eldor Muhammadiyev tibbiy niqoblarning narxlari ko‘tarilishi bilan bog‘liq holatlarni o‘rganish jarayonida Samarqand shahridagi ayrim dorixonalar tegishli litsenziyaga ega bo‘lmasdan faoliyat yuritayotganiga guvoh bo‘lishdi.

Xususan, Samarqand shahridagi Katta O‘zbek trakti ko‘chasi 16-uyda faoliyat olib borayotgan dorixona o‘rganilganda, iste’molchilar burchagiga “Akram” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli dorixona deb ilib qo‘yilgan. Biroq dorixona manzili boshqa bir manzilni ko‘rsatib turgan mazkur dorixona aslida noqonuniy faoliyat yuritib kelayotganligi aniqlandi. Sotuvchi 2000 so‘mdan sotilayotgan tibbiy niqobning nima sababdan narxi oshirilganligini izohlab berolmadi. Achinarlisi, mazkur dorixonada litsenziyadan tashqari, sotuvchi tomonidan xaridorlar uchun mahsulot cheki berilmayotganligi va aksariyat dori vositalari yerda saqlanayotganligi kabi qo‘pol kamchiliklar ham kuzatildi.

“Akram” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli dorixona

Aynan shu ko‘chaning 14-uyida joylashgan “Piramida farm fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli dorixonaning ahvolini ko‘rgan kishi hayratdan yoqa ushlaydi. Dorixonada xodimlar dam olishi uchun ajratilgan xonada dori mahsulotlari sanitariya-gigiyena talablariga zid ravishda saqlanmoqda. Bundan tashqari, dorixonada xaridorlarga chek berilmayapti. Sotuvchi, Azizxon Oripovdan buning sababi so‘ralganda, chek qog‘ozi tugaganligini bahona qildi. Doroxonaning tegishli ruxsatnomasi haqidagi savolimizga “barcha hujjatlar korxona rahbarida” ekanligini bildirdi.

“Piramida farm fayz” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli dorixona

Samarqand shahridagi Obirahmat ko‘chasi 2-uyda joylashgan dorixonaning iste’molchilar burchagida “Shahrizoda Rayxon farm shifo” MChJga qarashli dorixona, deb yozib qo‘yilgan bo‘lishiga qaramay, aslida ushbu dorixona ham tegishli tashkilotdan ruxsatnoma olmay turib faoliyat yuritmoqda. O‘zini mazkur MChJ rahbari deb tanishtirgan va bir vaqtning o‘zida sotuvchi bo‘lib ishlab kelayotgan Dilafro‘z Jalilovadan dorixona manzili to‘g‘ri ko‘rsatilgan litsenziyani so‘raganimizda, barcha xujjatlarni olib kelishini aytib, chiqib ketdi va dorixonaga qaytib kelmadi.

“Shahrizoda Rayxon farm shifo” MChJga qarashli dorixona

O‘rganish jarayonida Panjakent ko‘chasida joylashgan dorixonada kutilmagan holat yuzaga keldi. Dorixonaning iste’molchilar burchagida osib qo‘yilgan peshtaxtadagi ma’lumot bilan dorixona joylashgan manzil bir-biriga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Mazkur dorixona Sug‘diyona massivida joylashgan 21-uy manzili ko‘rsatilgan “Sogda Sardor farm servis” MChJga qarashli dorixonaning litsenziyasi bilan faoliyat yuritmoqda.

Panjakent ko‘chasida joylashgan dorixona

Qiziq jihati shundaki, o‘zining noqonuniy faoliyati bilinib qolganligini anglagan dorixona sotuvchisi bizni dorixonadan majburlab chiqarib yubordi.

Shu sababli mazkur dorixona faoliyati to‘g‘risida aniqroq axborot olish maqsadida hudud soliq inspektori Javlon Boburovga murojaat qildik. Hudud inspektori bilan bo‘lgan suhbatimiz esa bizni yanada ajablantirdi. Sababi, dorixona haqiqatdan ham litsenziyasiz faoliyat yuritayotganligini tasdiqlagan inspektorning masalani shu yerning o‘zida «bosti-bosti» qilishimizga «shama» qilishiga, hudud soliq inspektori emas, balki o‘zini dorixonaning manfaatdor vakillidek tutishiga tushunolmadik.

Samarqand shahridagi Xo‘ja Ahror Valiy ko‘chasida joylashgan “Asliddin” ishlab chiqarish tijorat firmasiga qarashli dorixona ham faoliyat uchun litsenziyaga ega emas. Korxona xodimi sifatida o‘zini tanishtirgan Jalol Murodov ushbu dorixona filial ekanligini bildirdi. Ammo amaldagi qonunlar asosida filial dorixonalar uchun ham alohida beriladigan litsenziyani taqdim etolmadi.

“Asliddin” ishlab chiqarish tijorat firmasiga qarashli dorixona

Xulosa o‘rnida ta’kidlash joizki, bugun mamlakatimizda tadbirkorlik uchun yaratilayotgan imkoniyatlar natijasida ko‘plab tadbirkorlar faoliyatida yengillik va o‘sish kuzatilmoqda. Biroq mazkur «tadbirkor»lar aholi sog‘lig‘i bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan amaldagi qonunlarga javobgarlik hissini tuymasdan uni “aylanib” o‘tishga harakat qilmoqda.

Xo‘sh, noqonuniy faoliyat yuritayotgan bunday “tadbirkorlar”ning faoliyatiga mutasaddi tashkilotlar qanday qaraydi?