Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi qaysi oliy o‘quv yurtida avtoturargoh bor?

Bugun Samarqand shahridagi qaysi oliy o‘quv yurtiga borsangiz, atrofdagi ko‘chalarda qatorlashib turgan yengil mashinalarni ko‘rasiz...

- Darsga avtobusda kelsak ancha vaqt yo‘qotamiz, - deydi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti talabalaridan biri. - Chunki avtobus ko‘chalardagi tirbandlik sabab juda sekin yuradi. Yotoqxonalarda esa joy yetishmaydi. Samarqand shahrida ijarada turgandan ko‘ra shaxsiy mashinada tumandan qatnash arzonga tushadi.

Biroq institutda avtomobillar turargohi yo‘qligi uchun mashinamizni yo‘l chetiga qo‘yib ketishga majburmiz.

Xo‘sh, Samarqand shahridagi universitet va institutlarda avtoturargohlar chindan ham muammomi? Agar bunday og‘riqli masala bo‘lsa, uning yechimi nima bo‘lyapti? Bu borada xorijda qanday tajribalar mavjud, ularni bizda qo‘llash mumkinmi?

Qaysi oliy o‘quv yurtida avtoturargoh bor?

Viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, ayni vaqtda Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida keng ko‘lamdagi kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu jarayonda bu yerda o‘nga yaqin hududda 1000 kvadrat metr maydonda avtomobillar turargohi tashkil etiladi.

Shuningdek, «Ipak yo‘l» xalqaro turizm universiteti hududidan ham 20 dan ortiq avtomobillar uchun turargoh qurilar ekan. Samarqand davlat universitetining Sartepa maskanida joylashgan yadro fizikasi laboratoriyasi ham Investitsiya dasturi asosida rekonstruksiya qilinib, hududda 1100 kvadrat metrli avtoturargoh tashkil qilinadi.

Bundan tashqari, Samarqand davlat tibbiyot instituti yangi binolari oldida 20-30 ta avtomobilni vaqtincha qo‘yish uchun joy ajratilgan.

Samarqand davlat chet tillar instituti va Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Samarqand filialini bu borada muammosi yo‘q, deb hisoblash mumkin. SamDChTI qarshisida mehmonxona qurilgan davrda 40-50 ta avtomashina joylashtirishga yetarli maydon qoldirilganligi va TATU Samarqand filialining yangi binosi uchun keng joy tanlanib, hovlida 50-60 ta avtomobil uchun yer maydoni mavjudligi qaysidir ma’noda bunga asos bo‘lmoqda.

Avtoturargoh uchun joy yo‘q

Yuqoridagi kabi holatlarni nafaqat Samarqand davlat universitetida, balki Samarqand veterinariya meditsinasi, Samarqand iqtisodiyot va servis institutida ham uchratish mumkin.

Birgina Samarqand iqtisodiyot va servis institutiga kelayotgan o‘qituvchi va talabalar avtomashinalarini Shohruh ko‘chasida “Marmar” bozori oldidan, Universitet xiyobonigacha bo‘lgan masofada qoldirishga majbur. Kamol Otaturk ko‘chasida ham tanga tushgudek joy qoldirishmaydi.

Viloyat bosh arxitektori Bobur Elmurodovning aytishicha, Samarqand shahridagi deyarli barcha oliy o‘quv yurtlari o‘tgan asrda barpo qilingan. Tabiiyki, o‘sha davr sharoitidan kelib chiqib, avtomobillar turargohi barpo qilinmagan. Bugun esa deyarli har ikki odamning birida avtomashina mavjud va bu albatta, universitet va institutlarda avtoturargohlar tashkil qilishni taqozo qilmoqda.

- Biroq bir narsani yoddan chiqarmaslik kerak, - deydi B.Elmurodov. – Aksariyat oliy o‘quv yurtlarida ortiqcha yer maydoni yo‘q. Qolaversa, aksariyat institut va universitetlar Samarqandning tarixiy qismida joylashgani uchun ularga qo‘shimcha joy ajratib, avtoturargoh qurishning iloji bo‘lmayapti.

Muammoni kim hal qiladi?

- Oliy o‘quv yurtlari avtomobil turar joylari yo‘qligi bois o‘qituvchi va talabalarning shaxsiy mashinalari shaharda yo‘lovchi transporti qatnovida bir qator muammolarni keltirib chiqarayotgani rost, - deydi Samarqand shahar hokimining o‘rinbosari Rustam Olimov. - Ammo hozirgacha biror bir universitet yoki institut bizga avtoturargoh uchun yer ajratish to‘g‘risida murojaat bilan chiqqani yo‘q.

Ko‘rinib turibdiki, shahar hokimligi muammoning mavjudligini bilgani holda, uni hal qilish uchun kimdir murojaat qilishini kutmoqda. Vaholanki, aslida bu borada hokimiyat tomonidan chora-tadbirlar ko‘rilishi lozim emasmi? Umuman, mahalliy hokimliklar muammoning asoratini emas, tub sabablarini o‘rganish va hal etishga e’tibor qaratishni qachon o‘rganar ekan?!

Shaharda tartibli va qulay jamoat transport xizmatining yo‘lga qo‘yilishi ham institut va universitetlar oldidagi tirbandliklarning oldini olishga xizmat qilmaydimi?

O‘qituvchi va talaba teng huquqli emasmi?

E’tibor qilsangiz, bizda universitet yoki institut o‘qituvchisi va talaba orasida katta farq bor. Aniqroq aytganda, oliy o‘quv yurtida ta’lim beruvchilarga yaxshiroq sharoit yaratib berishga harakat qilinadi.

Samarqand shahridagi istalgan oliy o‘quv yurtidagi ahvolni o‘rganib ko‘rishingiz mumkin: talaba o‘qishga avtomobilda kelib, uni qulay joyda qoldirib ketish imkoniyati yaratilmagan.

- Hozir nafaqat o‘qituvchilar, balki talabalar ham darsga shaxsiy mashinalarida kelishadi, - deydi SamDU o‘qituvchilaridan biri. – Ular barvaqt kelib, o‘qituvchilar mashina qo‘yadigan maydonchalarga o‘z ulovlarini joylashtiradi. Oqibatda o‘qituvchilar butun xiyobonni aylanib, mashina qo‘yishga joy qidirib darsga kech qolmoqda. Ayrimlar hatto joy talashib janjallashishga ham bormoqda. Bu kichik masala bo‘lsa ham o‘z yechimini topmasa, ko‘pgina muammolar keltirib chiqmasligi uchun kim kafolat beradi? Chunki bundan keyin istaymizmi-yo‘qmi mashinalar soni ko‘payib boraveradi.

To‘g‘ri, sharoit imkon darajasida yaratilyapti. Ammo tashkil qilingan avtomobillar turargohida institut yoki universitet o‘qituvchilari avtoshinasidan joy ortib qoladimi? Afsuski, yo‘q. Chunki hozircha shahri azimdagi oliy o‘quv yurtlari ichida eng katta avtoturargohlar SamDAQI va TATU Samarqand filialida ekanligini hisobga olsak, ularda ham nari borsa 100 tagacha avtomashina qo‘yish mumkin. Demak, o‘qituvchilarning ham hammasi ishga shaxsiy avtomobilida kelishi shart emas...

Sharoit va imkoniyat haqida hozircha orzu qilmang

Darhaqiqat, shunday. Negaki, Samarqand shahridagi qaysi institut yoki universitetda avtomobillar turargohi tashkil qilingan bo‘lsa, unda zarur sharoit yo‘q. Misol uchun, birorta oliy o‘quv yurtining hovlisida tashkil qilingan avtomobillar turargohida hech kim mashinalar tartib bilan qo‘yilishi va xavfsizligi uchun javob bermaydi.

Boz ustiga birorta avtoturargohda mashinalar uchun quyoshning issig‘idan yoki yog‘ingarchilikdan himoya haqida gapirish ortiqcha. Ya’ni avtoturargoh deyilgan maydonlar shunchaki asfalt qilingan, xolos. Hafsala qilinsa, belgilangan tartibda oq chiziqlar chizib chiqiladi.

Umuman, institut yoki universitet atrofida avtomobillar turargohi o‘quv binosidagi joriy yoki kapital ta’mirlash jarayonida obodonlashtirish ishlarining bir qismi sifatida amalga oshiriladi. Demakki, aynan shu masala uchun muayyan mablag‘ ajratilib, turargohni qay yo‘sinda barpo qilish belgilanmaydi.

Bir so‘z bilan aytganda, o‘qituvchi yoki talaba yo‘l chetida qoldirilgan mashinasining xavfsizligi qanchalik kafolatlanmagan bo‘lsa, universitet yoki institut hududida turgan mashinaga tug‘ilishi mumkin bo‘lgan xavf unikidan kam emas.

Yangilik kiritish, zamonaviy fikrlash bizga emasmi?

Taniqli jurnalist Sharofiddin To‘laganov ijtimoiy tarmoqlarda AQShga safari haqida yozib, sayohatning eng yodda qoladigan qismi so‘zsiz Kaliforniya Devis universiteti (UC Davis)da bo‘lganligini e’tirof etgan. Universitet hovlisidagi avtomobillar turargohi (parking) jurnalistning e’tiborini tortgan. Chunki uning tomi juda ham qalin bo‘lgan. Ma’lum bo‘lishicha, avtoturargohdan ham avtomobillar boshpanasidan tashqari, quyosh energiyasidan elektr olishda ham foydalanilar ekan. Olingan elektr energiyasi universitetning ehtiyojini ta’minlashga bemalol yetarkan. Qoyil qolmaslikning iloji yo‘q, shunday emasmi?

Endi o‘zingiz ayting, biz qachongacha qoyil qolib yuramiz? Qachon bizga qoyil qolishadi? Mayli, qoyil qolishmasin, ammo qachon zamonaviy standartlar asosida ish olib boramiz?

Afsuski, imkoniyatdan unumli foydalanish, mavjud resurslarni oqilona sarflab, yangi imkoniyatlar qidirish hozircha institut va universitetlarimiz mutasaddilarining xayoliga kelgani yo‘q. Basharti shunday bo‘lmaganida shu paytgacha oliy o‘quv yurtlari atrofida avtoturargohlar barpo etish faqat rekonstruksiya davrida viloyat hokimligi tomonidan amalga oshirilmagan bo‘lardi.

Zamonaviy avtoturargoh kerakmi?

Bizningcha, kerak. Afsuski, hozircha Samarqand shahrida yangicha uslubdagi va ko‘pgina qulayliklarga ega avtomobillar turargohi barpo etilgani yo‘q. Balki shuning uchun bu to‘g‘risida deyarli tasavvurga ega emasmiz.

Kuzatishlarimiz natijasiga ko‘ra, ko‘p qavatli avtoturargohlar qurish uchun katta mablag‘ sarflanadi, degan hadik deyarli hammani xorijdagilarga o‘xshash avtoturargohlar tashkil qilish uchun mablag‘ ajratishdan to‘xtatib turibdi.

To‘g‘ri, bir vaqtlar xalq tilida “Yangi bozor”, deb yuritiladigan savdo kompleksi yaqinida ko‘p qavatli avtoturargoh qurilyapti, degan xabarlar paydo bo‘lgandi. Ammo bugun qurilish ishlari ayrim sabablarga ko‘ra, to‘xtab qolgan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Samarqand shahrida qurilajak Muz saroyi yonida chet eldagidan qolishmaydigan avtoturargoh binosi qurilishi rejalashtirilgan. Demak, bu ish o‘zini oqlaydi va uni yo‘lga qo‘yish mumkinligini mutasaddilar tushunib yetgan ko‘rinadi. Bu esa yaqin o‘rtada «parkovka» masalasida ijobiy o‘zgarish kuzatilishidan darak beradi.

Urgut tumanida xitoylik tadbirkorlar tomonidan ko‘p qavatli avtoturargoh qurilayotgani ham bu faoliyatning istiqboli borligini ko‘rsatib turibdi. Axir Chin yurti ishbilarmonlari foyda kelmaydigan biznesga pul tikmasligi har tong quyosh Sharqdan chiqishi kabi ayon haqiqat-ku.

Oliy o‘quv yurtlari xususiy biznes bilan sheriklikka o‘tsa-chi?

Keyingi yillarda barcha institut va universitetlarda talabalar qabul kvotasi ko‘paymoqda. Bu tabiiyki, shaxsiy avtomobilida qatnaydigan talabalar sonining yanada oshishiga sabab bo‘ladi.

Bizningcha, birinchidan, shahrimizda jamoat transportini yangicha, zamonaviy ko‘rinishda tashkil qilishni o‘ylab ko‘rish kerak. Eng muhimi, universitet va institutlar uchun yangi o‘quv binolari qurish, buning uchun tadbirkorlar bilan sherikchilikni yo‘lga qo‘yish kerak.

Qolaversa, tadbirkorga qurilajak binoning muayyan qismini avtoturargoh uchun mo‘ljallash talabi qo‘yilsa, ham o‘qituvchi, ham talabalarga qulaylik yaratiladi. Bu talabalar soni ko‘payib, sharoiti bunga yetmayotgan oliy o‘quv yurtlarida muammoning yechimi bo‘lishi tabiiy. Balki shunda talabalar uchun «parkovka» ham, shahardan boshqa hududdan bo‘lgan talabalar va o‘qituvchilar uchun turar joy ham tashkil qilinadi.

Bu bizning taklifimiz edi. Siz nima deysiz?

Dilmurod TO‘XTAYeV,

Yoqub GADOYeV.