Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqanddagi tarixiy bog‘da anjir sayli (foto)

Avval xabar qilganimizdek, Samarqand shahridagi Bog‘ibaland mahallasida anjir sayli tashkil etildi. Amir Temur bog‘laridan hisoblangan 40 gektar anjirzorlarda bo‘lib o‘tayotgan sayil ishtirokchilariga anjirzorlarni tomosha qilish, jannat mevasini tatib ko‘rish imkoniyati yaratilgan.

Tadbir tashkilotchilarining ta’kidlashicha,  anjirni bejizga jannat mevasi, deyishmaydi. Och sariq yoki siyohrang tusli noksimon bu meva vitamin va quvvatbaxsh moddalari bilan insonga salomatlik, go‘zallik va yoshlik baxsh etadi. Bog‘ibaland mahallasida anjir daraxti 200, hatto 300 yilgacha yashab, meva berishi mumkin.

Mutaxassislarning fikricha, yurtimizning turli hududlarida yetishtiriladigan anjir mevalari orasida Bog‘ibaland anjiri mikroelementlarga boyligi va boshqa xususiyatlari bilan ajralib turadi. Ko‘chati shu yerdan olib borilib, Samarqandning boshqa hududlarida ekilganida ham meva Bog‘ibalanddagichalik xushta’m bo‘lmaydi. Bu balki ushbu anjirzorlarning Cho‘ponota tepaliklari yon bag‘rida joylashgani yoki Zarafshon daryosiga yaqinligi bilan bog‘liqdir.

Manbalarda Bog‘ibaland anjirzorlari tarixi bir necha asrlarga borib taqalishi qayd qilingan. Jumladan, "Boburnoma"da mazkur hududda Amir Temurning suyukli nabirasi, Mironshohning qizi Oqabegimga atab "Bog‘ibaland" bog‘i barpo etilgani va unda to‘kin anjirzorlar borligi yozilgan.

Hududda ayni paytda 4 ta fermer xo‘jaligi anjir yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda. Xo‘jaliklarda mahallaning 65 nafar aholisi ish bilan band.

Bugun Bog‘ibalanddagi fermer xo‘jaliklari maydonlarida, shuningdek, aholi xonadonlarida anjir g‘arq pishgan palla. Saylda bog‘da yetishtirilgan anjirlar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmadan shuningdek, hunarmandlar mahsulotlari ham o‘rin olgan.

Saylda namoyish etilayotgan anjir va undan tayyorlangan mahsulotlarni tadbirda ishtirok etayotgan horijliklar ham katta qiziqish bilan tomosha qilib, ulardan tatib ko‘rmoqda.

Tadbirda taniqli san’atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinkilik bag‘ishlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, bu yil o‘n ikkinchi bor o‘tkaziladigan "Sharq taronalari" xalqaro musiqa festivali mehmonlarining sayohat marshrutiga ilk bor Bog‘ibaland mahallasidagi anjirzorlar ham kiritilgan.

To‘lqin Siddiqov,

Baxtiyor Mustanov (foto).