Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandlik dzyudochilari 2 ta oltin medalni qo‘lga kiritib, “Katta Dubulg‘a” turniri g‘olibi bo‘ldi

Germaniyaning Dyusseldorf shahrida dzyudo bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi yirik turnir o‘tkazildi.

Turnirda samarqandlik sportchilardan Davlat Bobonov hamda Muhammadkarim Hurramov oltin medalni qo‘lga kiritib, Tokio-2020 Olimpiadasi uchun muhim reyting - 1000 ochkoni jamg‘ardi.

-90 kilogramm vazn toifasida o‘tkazilgan bellashuvning final bahsida O‘zbekiston terma jamoasi nomidan ishtirok etayotgan viloyatimiz sportchisi Davlat Bobonov ukrainalik Kuyedjau Nabaliga qarshi tatamiga chiqdi va raqibini “ippon” evaziga mag‘lub etdi.

Chorak final yo‘llanmasi uchun kechgan bahsda Davlat Bobonov tajribali sportchi – yoshlar o‘rtasida ikki karra jahon chempioni, gruziyalik Lasha Bekaurini “ippon”, ya’ni sof g‘alaba evaziga mag‘lub etdi.

E’tiborlisi, chorak finalda sportchimizga raqib sifatida yana bir gruziyalik dzyudochi - o‘tgan yilgi Osaka “Katta Dubulg‘a” hamda Zagreb Gran-pri turnirlari g‘olibi Beka Gviniashvili kutib turgan edi. Bobonov ikkinchi gruzinni ham muddatidan avval mag‘lubiyatga uchratdi.

Yarim finalda reytingda 37-pog‘onada turgan Davlat Bobonov ushbu reytingning 4-pog‘onasini band etgan kubalik Ivan Felipe Morales Silvaga qarshi kurash olib bordi va uni ham muddatidan avval mag‘lub etishning uddasidan chiqdi.

-100 kilogramm vazn toifasida gilamga chiqqan yana bir sportchimiz Muhammadkarim Hurramov birin-ketin latviyalik Yevgeniyus Borodavko, fransiyalik Sedrich Olivar hamda mo‘g‘ulistonlik Otgonbaatar Lxagvasurenni mag‘lubiyatga uchratib, chorak finalga yo‘l oldi va bu bosqichda hamyurtimiz ozarbayjonlik Zelim Kotsoyevni sof ippon evaziga mag‘lubiyatga uchratdi. Final yo‘lida esa Hurramovga braziliyalik Rafael Buzakari viloyatimiz sportchisiga raqiblik qildi va u ham mag‘lublik alamini tortdi.

Musobaqaning final bahsida Muhammadkarim Hurramov ozarbayjonlik Elmar Gasimovni mag‘lub etdi. Shu tariqa terma jamoamizning musobaqadagi ikkinchi oltin medaliga egalik qildi.

Husan ELTOYeV.