Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Samarqandlik o‘quvchilar Italiyada o‘tkaziladigan HIPPO xalqaro ingliz tili fan olimpiadasida qatnashishi mumkin. Agar...

Joriy yilning fevral oyida Samarqand shahridagi 37-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida HIPPO xalqaro ingliz tili fan olimpiadasining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tgandi. Unda viloyatimizdagi umumta’lim maktablarining 1-11 sinf o‘quvchilari ixtiyoriy ravishda ishtirok etdi.

Yaqinda ushbu bosqichning javoblari e’lon qilindi. Unga ko‘ra, viloyatimizdagi umumta’lim maktablarining 20 nafar o‘quvchisi g‘olib bo‘lib, respublika bosqichida ishtirok etish yo‘llanmasini qo‘lga kiritishdi.

Samarqand shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta’lim maktabida g‘olib bo‘lgan o‘quvchilarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Ularga viloyat xalq ta’limi boshqarmasining tashakkurnomasi, esdalik sovg‘alari topshirildi.

Joriy yilning 14 mart kuni HIPPO xalqaro ingliz tili fan olimpiadasining respublika miqyosidagi ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tadi. Unda muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘quvchi-yoshlar Italiyada bo‘lib o‘tadigan xalqaro ingliz tili fan olimpiadasida qatnashadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, HIPPO xalqaro ingliz tili fan olimpiadasi 2012 yil Angliyaning “Pearson Education” tashkiloti ko‘magi bilan Italiyaning “Global HIPPO Association” uyushmasi tasarrufida tashkil etilgan.

Hozirgi kunda dunyoning 40 dan ortiq (ingliz tili asosiy til hisoblanmagan) davlatlaridan 36 ming nafar atrofida ishtirokchilar qatnashib kelmoqda. Olimpiadaning har bir ishtirokchisi HIPPO olimpiadasida Buyuk Britaniyaning xalqaro standart darajasiga ega bo‘lgan IESOL testlarini topshiradi. Ishtirokchilar so‘zlashish, o‘qish, yozish va tinglab tushunish ko‘nikmalari bo‘yicha bellashadi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati.