Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SamDUning xorijlik o‘qituvchilari aholini xotirjamlikka chaqirdi

Dunyoni vahimaga solayotgan koronavirus ming afsuski, yurtimizni ham chetlab o‘tmadi. Bugungi karantin vaziyatda SamDUda faoliyat olib borayotgan xorijlik o‘qituvchilar bilan suhbatlashdik:

Nizomi KUSAKI, Yaponiyadagi Soka universitetining yapon tili mutaxassisi:

-  Yaponiyadan ancha uzoqdaman. Hech kim kutmagan bu noxush voqea mening ham Vatanimni chetlab o‘tmadi. Oilam va qarindoshlarim soppa-sog‘. Ammo Yer sharida yuz minglab insonlar ushbu yuqumli kasallikdan aziyat chekmoqda. Menimcha, shunday og‘ir, sinovli kunlarda nafaqat bir mamlakat, balki dunyo ahli imkon darajasida qo‘lni qo‘lga berib, bahamjihat bo‘lmog‘i, yuqumli vaboga qarshi aql va zakovat bilan kurashishi kerak.

Bunday ajoyib yurtda, xalqparvar Prezidentga ega mamlakatda o‘zbekistonliklar har qanday murakkab muammolarni yengishiga ishonaman.

Robinder GARGESh, SamDU ingliz tili kafedrasi mudiri, professor (Hindiston):

- Shunday sinovli kunlarda xayolim Hindistonda. Xorijda bo‘lish qanchalik og‘irligini so‘z bilan ifodalab berolmayman.

O‘zbekiston rahbari bosiqlik va aql-zakovat bilan, xalq bilan hammaslak ish olib borayotganini matbuot, televideniye hamda ijtimoiy tarmoqlarda kuzatib boryapman. Yurtingizda koronavirus bilan bog‘liq voqea-hodisalar oshkoralik, xolislik hamda shaffoflikda, muttasil yoritilmoqda.

Koronavirusning iqtisodiy oqibatlarini bartaraf etishga ham jiddiy kirishildi. Bu bo‘yicha Farmon ham imzolandi. Endi ko‘p jihat uning ijrosiga bog‘liq. Men koronavirusni O‘zbekistonni tark etishiga ishonaman. Har bitta inshoot, bino, turar-joy himoyalanmoqda. Tashvishlanishga, sarosimaga tushishga hojat yo‘q.

Aleksandr ChESTYaKO, SamDU rus filologiyasi fakulteti o‘qituvchisi (Rossiya):

- Oilam bilan Samarqanddaman. Ikki yoshli qizalog‘imiz bor. Koronavirus tufayli ta’tilimizni ham shu yerda o‘tkazyapmiz. O‘zimizni erkin va tashvishlarsiz his qilyapmiz.

Samarqandda taomlar shirin, meva-sabzavotlar serob, faqat tozalikka rioya qilib, boshqalarni ham shunga chaqiryapmiz. Koronavirus  muhofazasi bo‘yicha oilamning ko‘ngli xotirjam.

Samarqandda unga qarshi barcha chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Biz  istiqomat qilayotgan SamDUning xalqaro talabalar va xorijlik o‘qituvchilarga mo‘ljallangan yotoqxonasida shart-sharoitlar juda yaxshi. Muhimi, yotoqxona muntazam ravishda koronavirusga qarshi dizenfeksiya qilinmoqda. Tibbiyot mutasaddilari bilan uchrashib, maslahatlar olyapmiz.

Barchaga xotirajamlik, sabr tilagan holda, ularni shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishga chaqiraman.

Suhbatdosh: Dilmurod DO‘STMURODOV.