Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SamVMI Ruminiya universiteti bilan hamkorlik memorandumini imzoladi

Ruminiyaning Kluj-Napoka qishloq xo‘jalik fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti professori, doktor Ionika Anjela xonim Samarqand veterinariya meditsinasi institutining faxriy mehmoni bo‘ldi.

O‘zbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi vakillari hamrohligida kelgan ruminiyalik mehmon institutning laboratoriya mutaxassislariga molekulyar diagnostikasi, parazitar kasalliklar qo‘zg‘atuvchilarining diagnostikasida zamonaviy usullarni qo‘llash bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazishni ko‘zlagan. Shuningdek, SamVMI va Kluj-Napoka qishloq xo‘jaligi fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti o‘rtasida ilmiy, kadrlar almashinuvi, amaliy loyihalarni bajarish bo‘yicha hamkorlikni yo‘lga qo‘yish hamda institut talabalari uchun  ma’ruzalar o‘qishni rejalashtirgan.

Uchrashuv davomida ikki oliygoh o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Doktor Ionika Anjela xonim 26 oktyabrga qadar SamVMI talabalari uchun ma’ruza o‘qiydi. Laboratoriya tahlillarini olib borishda na’muna olish va saqlash tartibi, PSR diagnostikasi bo‘yicha seminar-trening  o‘tkazadi.

Olima joriy yilning 4 noyabrigacha mamlakatimizda bo‘lib, Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi markazi hamda chorvachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaliklari faoliyatini ham ko‘zdan kechirishi nazarda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, Kluj-Napoka shahri Ruminiyaning shimoliy-g‘arbida joylashgan kichik tarixiy shaharcha. Aholisi asosan ruminlar, vengerlar va nemis millatiga mansub. Ruminiya oliy ta’lim muassasalari orasida qishloq xo‘jaligi fanlari va veterinariya meditsinasi universiteti mintaqadagi eng nufuzli oliy o‘quv yurtlarining 100 talik ro‘yxatidan joy egallagan.

Gulchehra BERDIYoROVA.