Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Saylov qonunchiligini buzish jinoiy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin

Saylov qonunchiligini buzganlik uchun amaldagi qonunlarimizda tegishli javobgarlik belgilangan. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda «Saylov va referendumni tashkil etish hamda o‘tkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik», deb nomlangan VI bob mavjud. Unda saylov jarayonida sodir etilishi mumkin bo‘lgan qonunbuzilishlar uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi normalar o‘z ifodasini topgan.

Ya’ni, saylov komissiyalari faoliyatiga aralashish, komissiya qarorlarini ijro etmaslik, nomzodning, ishonchli vakilning yoki kuzatuvchining huquqlarini buzish, saylovoldi tashviqoti olib borish shartlarini buzganlik, siyosiy partiyalar va nomzodlar haqida ataylab yolg‘on ma’lumotlarni e’lon qilish va boshqa huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan. Ma’muriy javobgarlik sub’yekti fuqarolar va mansabdor shaxslar bo‘lishi mumkin.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda saylovga oid qonun hujjatlarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni nazarda tutuvchi 8 ta modda o‘z ifodasini topgan.
Shuningdek, saylov yoki referendum tashkil qilish, ularni o‘tkazish vaqtida mansabdor shaxslar, siyosiy partiyalar yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining vakillari, tashabbuskor guruhlar yoki saylov yoxud referendum komissiyalari a’zolari tomonidan ovoz berishning yashirinligini buzish, saylov yoki referendum hujjatlarini qalbakilashtirish, saylov yoki imzo varaqalariga soxta yozuvlar kiritish, berilgan ovozlarni ataylab noto‘g‘ri hisoblash uchun jinoyat kodeksida tegishli javobgarlik belgilangan.

Bunday xatti-harakat eng kam oylik ish haqining 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Jinoyat kodeksining 147-moddasi saylov huquqining yoki ishonchli vakil vakolatlarining amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilish, deb nomlangan.

Unga ko‘ra, fuqarolarning deputat yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini saylash yoki saylanish, saylovoldi targ‘iboti olib borish huquqlarini, deputatlikka yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod shaxsning ishonchli vakillari o‘z vakolatlarini erkin amalga oshirishlariga, shuningdek, fuqarolarning referendumda erkin ishtirok etishlariga zo‘rlik ishlatish, qo‘rqitish, aldash yoki og‘dirib olish yo‘li bilan to‘sqinlik qilish 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki 2 yildan besh yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

B.QARShIYeV,
viloyat hokimligi bosh yuristkonsulti.