Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Mahalliy Kengash deputatlariga oylik maosh to‘lansa, ish samarasi boshqacha bo‘ladi

Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik  partiyasining yangilangan dasturi va saylovoldi dasturi loyihalari  O‘zLiDeRning tuman Kengashlarida partiya faollari tomonidan qizg‘in muhokama qilinmoqda.

Jumladan, O‘zLiDeR Payariq tuman Kengashi faollari ishtirokida o‘tgan tadbirda bu ikki ma’yoriy hujjatlarning loyihalari zamon talablariga mos ravishda ishlab chiqilganligi, ayniqsa, 2050 yilda O‘zbekistonni 50 ta rivojlangan davlatlar qatoriga kiritish maqsad qilingani alohida e’tirof etildi.

Tadbirlarda asosan deputatlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, ularning daxlsizligini ta’minlash borasida qator takliflar o‘rtaga tashlanmoqda.

Jumladan, xalq deputatlari Payariq tuman Kengashi deputati, partiya faoli Mahmud Sayimov bu borada qo‘yidagi taklifni ilgari surdi:

- Bugun ommaviy axborot vositalarida “deputatlar ishlamaydi” degan e’tirozlarga ko‘p duch kelayapmiz. Deputatlikka zaxira partiya tomonidan shakllantiriladi, nomzod partiya tomonidan ilgari suriladi. Ammo mahalliy kengashlarga nomzodlarni tanlashda  ayrim hududlarda ijro organlarining aralashuvi hali hanuz davom etmoqda. Saylov zaxiralariga ijro hokimiyati aralashmasa, xalqning o‘zi haqiqiy ishlaydigan deputatlarni saylaydi.

O‘zLiDeP Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi faollari ishtirokida o‘tkazilgan yig‘ilishda esa, xalq deputatlari Kattaqo‘rg‘on shahar Kengashi deputati F.Shukurova, mahalliy Kengash deputatlarini oylik maosh bilan ta’minlash   taklifini o‘rtaga tashladi.

- Deputatlar asosiy ish-joyiga ko‘proq e’tibor qaratib, berilgan topshiriqlarga, xalq oldidagi vazifasiga ikkinchi darajada qaramoqdalar.To‘g‘ri deputat vatanparvar va xalqparvar bo‘lishi kerak, shu bilan birgalikda mehnatiga munosib haq ham to‘lanishi lozim. Moddiy manfaatdorlik bor joyda, mas’uliyat boshqacha bo‘ladi, - dedi.

Joylarda o‘tkazilayotgan tadbirda partiya faollari tomonidan qator takliflar ilgari surilmoqda.

Baxtigul Qarshiyeva,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat

Kengashi matbuot kotibi.