Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Saylovning rasmiy logotipi tanlandi

Saylov – muhim siyosiy jarayon. Uning borishini OAV vakillari ishtirokisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Saylov jarayoni nechog‘li ko‘p yoritilsa, fuqarolarning faolligi shu qadar oshib, ularning huquqiy ongi va huquqiy bilimi shu qadar kengayib boraveradi.

Saylovlarni yaxshi va sifatli yoritish uchun esa, shubhasiz, yaxshi sharoit mavjud bo‘lishi kerak. Shu ma’noda, Markaziy saylov komissiyasi matbuot markazida jurnalistlar uchun qulaylik va shart-sharoitlar yaratilgan.  

Birinchi navbatda, jurnalistlar o‘z faoliyatlarini bemalol olib borishi uchun Matbuot markazi kompyuter uskunalari bilan to‘liq ta’minlangan.  

Matbuot markazida yuqori tezlikka ega WI-FI mavjud. Shuningdek, matbuot markazida jurnalistlar uchun bufet, ya’ni ovqatlanish joyi ajratilgan. Bu xizmatdan ham markazga kelgan har bir jurnalist bemalol foydalana oladi.  

Bugungi tadbirda shu va shu kabi boshqa qulayliklar haqida ma’lumot berildi. Shu bilan birga, saylov kampaniyasining o‘ziga xos imidji – saylov logotipi ham taqdim qilinib, uning tavsifi tushuntiriladi.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kampaniyasini o‘tkazish davrida keng foydalaniladigan ramzlar, saylovning “yuzi” hisoblanuvchi logotip hamda boshqa atributlarning ko‘rinishi va mohiyatini ishlab chiqishda avvalgi saylovlarda orttirilgan malaka, shuningdek, zamonaviy dunyo tajribasiga tayanilgan.  

Dunyo tajribasi, xususan, Rossiya, AQSh, Fransiya, Koreya Respublikasi singari mamlakatlarning saylov o‘tkazish borasidagi amaliyoti o‘rganilganida, ma’lum bo‘ldiki, rivojlangan mamlakatlarning aksariyati o‘z saylov kampaniyasini o‘tkazish chog‘ida foydalanadigan logotipida uchta jihat bo‘lishiga alohida ahamiyat qaratar ekan. Bular muayyan sana, hamma uchun bir xilda tushunarli ramz, davlat bayrog‘ining rangi hisoblanadi.  

Asosiysi, logotip o‘zi bilan zarur informatsiyani “tashishi” kerak. Bu borada qariyb uch oy mobaynida izlanishlar olib borildi. Mazkur maqsadlar uchun maxsus fokus guruhi tashkil etilib, uning tarkibiga mamlakatimiz aholisining barcha qatlami, ziyolilar, ishchilar, xizmatchilar, dehqon-fermerlar, shuningdek, yoshlar, keksalar, erkaklar va ayollar, umuman olganda, hamma toifa vakillari kiritildi.  

 

N.Nasriyev, O‘zA