Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sayyor sudda 6 nafar huquqbuzar fuqaroga yengillik berildi

Viloyat sudi raisi Olim Hayitov Payariq tuman Xalq qabulxonasida fuqarolar bilan uchrashuv va sayyor qabul o‘tkazdi.

Qabul jarayonida jinoyat, fuqarolik, iqtisodiy va ma’muriy masalalar yuzasidan fuqarolar murojaatlari ko‘rib chiqildi.

Dastlab, yig‘ilganlar bilan uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda viloyat sudi raisi bugungi sud-huquq islohotlari, qonunchilikdagi yangiliklar, sud-huquq tizimidagi o‘zgarishlar haqida tushuncha berdi. Keyingi yillarda ko‘plab tashkil etilayotgan sayyor qabullarning samarali bo‘layotganligi, odamlarning muammolari yechim topayotganligi haqida misollar bilan gapirib, yig‘ilganlarni faol bo‘lishga chaqirdi.

Shundan so‘ng, aholini qabul qilish boshlandi. Tadbir davomida 30 ga yaqin fuqaro o‘z muammolariga yechim izlab murojaat qildi. Shuningdek, sodir qilgan jinoiy qilmishi uchun sud hukmi bilan jazoni o‘tayotgan 6 nafar fuqaro sayyor qabulda qilmishidan pushaymonligi, tegishli xulosa chiqarganligi, tuzalish yo‘liga qat’iy o‘tganligini, bundan buyon sog‘lom turmush tarzida hayot kechirishini bildirib jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilishni so‘radi. 

- Qonun ustuvor, jinoyatga jazo muqarrar. Har kim qilmishiga yarasha jazosini olishi aniq, - dedi o‘z so‘zida Olim Hayitov, – Biroq, qilmishining oqibatini anglab yetgan, pushaymon bo‘lgan, o‘ziga xulosa chiqargan shaxslarga hukumatimiz yengilliklar beryapti. Bugungi sud-huquq islohotlari ham shunga qaratilgan.

Fuqarolar turli masalalarda ham murojaat qildi. Har bir murojaatga alohida e’tibor qaratilib, ijobiy hal etilishiga harakat qilindi. Ayrimlari bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berildi.

Shundan so‘ng, sayyor sud majlisi tashkil etildi. Unda 6 nafar fuqaroning jazoning o‘talmay qolgan qismidan ozod qilish to‘g‘risidagi murojaatlari birma-bir ko‘rib chiqilib, ijobiy hal etildi.