Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Senat Raisi daraxtlar muhofazasi borasida yaxlit tizim yaratish bo‘yicha ishlarni qayta ko‘rib chiqish taklifini bildirdi

Senatning o‘n yettinchi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining davlat o‘rmon fondiga kirmaydigan daraxt va butalarning kesilishiga doir masalalar yuzasidan axboroti eshitildi.

Mazkur masala senatorlar tomonidan keng muhokama qilinib, mamlakatimizda ekologiya va atrof-muhit muhofazasi bilan bog‘liq muammolar mavjudligi ta’kidlandi. Bu borada ko‘plab ishlar qilinayotgan bo‘lsa-da, daraxtlarninng noqonuniy kesilishi haligacha davom etayotgani, afsuski, huquqbuzarlikni sodir etgan shaxslar jarimani to‘lagan holda yana shu kabi noqonuniy ishlarni davom ettirayotgani tanqid ostiga olindi.

Shu o‘rinda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi vakilining axboroti davomida bir qator takliflar bildirildi. Xususan, qurilish ob’yektlari uchun ajratilgan joylarda turli daraxtlar mavjudligiga e’tibor berilmayapti.

– Hududlarda ekologiya xodimlari faol ishlashi kerak, – dedi Senat Raisi T.Narbayeva. – Joylardagi daraxtlarning chang bosib yotishi tufayli, yetarli e’tibor berilmayotganidan qurib qolishi tabiiy. Ayniqsa, tomchilatib sug‘orish bo‘yicha aniq ish olib borish maqsadga muvofiq. Umuman olganda, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi bu borada boshqa davlatlarning tajribasini o‘rganishi lozim. Boisi, suv tanqisligi faqat O‘zbekistonda emas-ku. Qanday qilib boshqa davlatlar mavjud imkoniyatlardan foydalanyapti? Lekin ularda hamma joy ko‘m-ko‘k. Ular daraxtlarga shikast yetkazilsa, fojeadek qabul qilishadi. Bizda esa bu oddiygina holatdek bo‘lib ketyapti. Odamlar jarima to‘lab, yana daraxt kesish davom ettiryapti. Shuning uchun Qo‘mitaning mazkur yo‘nalishdagi yangi takliflari davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlanyapti. Bu ishlarni uzoqqa cho‘zish kerak emas. Chunki bir daraxtni ekib, katta qilguncha bitta avlod ulg‘ayadi. U o‘zidan qachon kislorod chiqartirib, atrofga soya-salqinlik berganiga qadar ko‘p vaqt o‘tadi. 

Daraxtlar ayovsiz kesilishi davom etar ekan, tizimda shaffoflik ta’minlanmas ekan, hududlarning obodligi va odamlarni rozi qilish haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Shu bois, mutasaddi vazirlik-idoralar, hududiy tuzilmalardan mazkur masalalarda javobgarlikni keskin kuchaytirish, jazo muqarrarligini ta’minlash talab etiladi. Shuningdek, daraxtlar muhofazasi borasida hamma uchun tushunarli va ochiq bo‘lgan yaxlit tizim yaratish bo‘yicha ishlarni qayta ko‘rib chiqish kerak. Bunda raqamlashtirish masalasiga ham alohida e’tibor berish lozim. 

Yana bir jihat. Berilgan moratoriy Qo‘mita uchun bir imkoniyat edi. Mazkur muddatda mana shu ishlarni to‘g‘rilab olish uchun berilgandi. Moratoriy davrida daraxt kesilmasin-u, keyin kesaverilsin degan muddat emasdi. Vaholanki, bu – qonunchilikni takomillashtirish, mexanizmlarni qayta ko‘rib chiqish, jamoatchilik bilan aloqalarni o‘rnatish, umuman, barchasini yo‘lga qo‘yib olish uchun imkon edi. Moratoriy davri tugagandan so‘ng ishlangan mexanizm o‘z-o‘zidan ishlab ketilaverardi, afsuski moratoriy tugashiga 6 oy qoldi, lekin hech narsa tayyor emas.