Senat: Tashqi ishlar vazirligi fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishga yuzaki yondashmoqda 

30 oktyabr kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining 2023 yilning birinchi yarmidagi faoliyati to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Muhokama chog‘ida senatorlar bir qator muammoli masala va omillarni tilga olib, ularning bartaraf etilishi vazirlik faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qilishini qayd etdi. Xususan, tashqi siyosiy faoliyatni tartibga soluvchi normativ-huquqiy bazani takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Shuningdek, senatorlar vazirlikning jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlash tizimini bugungi kun talabidan kelib chiqib, tubdan qayta ko‘rib chiqish lozimligiga to‘xtalib o‘tdilar.

O‘tkazilgan tahlillar natijalariga ko‘ra 2023 yil 1 iyuliga holatiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari orqali kelib tushgan takroriy murojaatlar soni o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 baravar oshgan. Fuqarolar murojaatlarini ko‘rib chiqishga yuzaki yondashish holatlari uchramoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Oliy Majlis Senati qarorlarida belgilangan ayrim vazifalar o‘z vaqtida va to‘liq bajarilmagani masalasiga ham parlament a’zolari e’tibor qaratdilar.

Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan takliflar ilgari surildi. Ochiq va konstruktiv muhokama natijalariga ko‘ra Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.