Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Senatorlar jurnalistlar bilan uchrashdi

Samarqand viloyat Matbuot uyida Oliy Majlis Senati a’zolari bilan ommaviy axborot vositalari vakillarining uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Dastlab senatorlar xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari, doimiy komissiyalar faoliyatining matbuot nashrlarida yoritilishi bilan tanishdi. Jumladan, "Zarafshon", "Samarkandskiy vestnik", "Ovozi Samarqand", tuman va shahar gazetalarida mahalliy Kengashlar faoliyati, ular tomonidan qabul qilingan qonun hujjatlari va ijro etuvchi hokimiyat organlari qarorlarining bajarilishi, shuningdek, senatorlar, deputatlarning gazetalardagi chiqishlarini kuzatdi.

Shundan so‘ng viloyatda chop etilayotgan matbuot nashrlarida faoliyat yuritayotgan jurnalistlar bilan uchrashdi.

- Tashrifimiz davomida joylardagi ahvol, ta’lim sifati va boshqa masalalarni  o‘rganganimizda Urgut tumanidagi 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘tgan yil 11-sinfni bitirgan o‘quvchilarning atigi bir  foizi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan, - deydi Oliy Majlis Senatining mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiyasi raisi Tolibjon Madumarov. – Demak, bu yer ta’lim maskanida sifatli ta’lim berilmagan. Afsuski, bunday holat boshqa joylarda qoniqarli darajada, deb bo‘lmaydi. Jurnalistlarimiz esa shu kabi jamiyatimizning og‘riqli nuqtalarini yoritishda faollik ko‘rsatishlari kerak. To‘g‘ri, bu borada ancha ijobiy o‘zgarishlar bo‘lyapti. Mana, bugun viloyatda chop etilayotgan gazetalarning aksariyati bilan tanishib, tahliliy, tanqidiy maqolalar, takliflar ko‘payganini ko‘ryapmiz. Bugungi talab bundan-da katta. Zero, jurnalistning faolligi, muammoni ko‘rsata olishi jamiyatning rivojiga xizmat qiladi.

Uchrashuvdan so‘ng senatorlar viloyat matbuot tarixi muzeyida bo‘lib, bu yerda saqlanayotgan gazetalar hamda matbuot nashrlariga oid eksponatlar bilan tanishdi.

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.