Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Senatorlar “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini nega rad etdi?

Bugun Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining ikkinchi yalpi majlisi ish boshladi.

Yalpi majlisda hukumat a’zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, mamlakatimiz va chet el ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etmoqda.

Majlisni Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norbayeva olib bormoqda.

Yalpi majlisda Senat a’zolari tomonidan ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq sohalarida islohotlarni izchil davom ettirish, mahalla va oila institutini mustahkamlash, bola huquqini himoya qilish bilan bog‘liq bir qator qonun hujjatlari va muhim masalalarni muhokama etish nazarda tutilmoqda.

Yuqori palata veb-saytida ma’lum qilinishicha, senat “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini rad rad etgan. Nega?

Ma’lum qilinishicha, Qonunda qator konseptual kamchiliklar mavjud. Masalan, Qonunning 3-moddasida uning qo‘llanilish sohasi belgilangan bo‘lsa-da, xalqaro tijorat arbitraji tushunchasi va tamoyillari ochib berilmagan.

Shuningdek, 6-moddada Qonunning qo‘llanilish sohasini batafsil izohlash o‘rniga hal qilish uchun xalqaro tijorat arbitrajiga topshirilishi mumkin bo‘lgan nizolar sanab o‘tilgan. Senatorlarning fikricha, ushbu normada xalqaro tijorat arbitraji ko‘rib chiqishi mumkin bo‘lgan nizo predmeti to‘liq yoritilmagan. Bu va boshqa kamchiliklar tufayli Qonunni jiddiy takomiliga yetkazish zarurligi ta’kidlangan.

Yuqoridagi sabablarga ko‘ra, qonun senatorlar tomonidan rad etilgan.

Majlisda senatorlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi (yangi tahrirdagi), “Aholini ro‘yxatga olish to‘g‘risida”gi, “Metrologiya to‘g‘risida”gi (yangi tahrirdagi), “Bola huquqlarining qo‘shimcha kafolatlari belgilanishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi, “Mahalla tizimi xodimlari kunini belgilash to‘g‘risida”gi qonunlar ma’qullangan.

Yalpi majlis ishini Oliy Majlis Senatining veb-saytida va ijtimoiy tarmoqdagi rasmiy sahifalarida kuzatib borish mumkin: