Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sentyabr yomg‘irli bo‘lishi kutilmoqda?

Sentyabr — kuzning birinchi oyi, biroq O‘zbekistonda ob-havo sharoitlariga ko‘ra ko‘proq yozni eslatadi, faqat harorat foni birmuncha qulay.

“O‘zgidromet” markazidan olingan ma’lumotlarga ko‘ra, sentyabr yilning eng quruq oylaridan biri hisoblanadi. Yog‘inlar juda kam bo‘lib, oy davomida o‘rtacha 1-3 marta yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Ularning miqdori esa o‘rtacha iyul va avgust oylaridagiga qaraganda salgina ko‘p — tekislikda 2 mm. dan 6 mm. gacha, tog‘li joylarda 10-20 mm. gacha yetadi.

Oyning birinchi yarmida kunduzgi havo harorati odatda 30-33 daraja atrofida, oyning ikkinchi yarmida esa 26-29 daraja atrofida bo‘ladi. Eng iliq sentyabrda ayrim kunlari termometr ustunchasi 35-39 darajagacha ko‘tariladi. Sovuq havo oqimi kirib, kunduzgi harorat 22-25 darajagacha tushadi. Ba’zan esa undan ham past bo‘ladigan holatlar kamdan-kam kuzatiladi va bunday sovuq davrlar qisqa muddatli bo‘ladi.

Biroq bu yil sentyabr oyi bizni salqin havo bilan qarshi oladi. Avgust oyining so‘nggi kunlaridan harorat 27-32 darajagacha pasayadi, sentyabrning ilk kunlari juda issiq yoz “aybini” yumshatib harorat kechasi 12-17 darajagacha, kunduzi 23-28 darajagacha tushadi. Bu odatdagi iqlimiy me’yorlardan 4-6 darajaga pastdir.

Bulutlar ham ko‘payib, 1 sentyabrda Toshkent, Samarqand, Jizzax, Sirdaryo viloyatlarining ayrim joylarida, 2 sentyabrda Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

Ob-havoning bunday o‘zgarishlari Volgabo‘yi hududlaridan sovuq havoning kirib kelishi bilan izohlanadi.

Harorat kechasi 12-17 daraja, kunduzi 25-30 daraja bo‘lgan nisbatan salqin ob-havo sentyabr oyining birinchi haftasida saqlanib turadi.

Keyinchalik oyning oxirigacha harorat kechasi 12-17 darajadan 7-12 darajagacha, kunduzi 28-33 daraja issiqdan 21-26 darajagacha o‘zgarib turadi. Ayrim kunlarda qisqa muddatli kuchsiz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Umuman olganda, kuzning birinchi oyidagi ob-havo iqlimiy me’yorlar atrofida bo‘lishi kutilmoqda.