Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sessiya bahs maydoni bo‘lishi kerak

23 oktyabr kuni xalq deputatlari viloyat Kengashining o‘n beshinchi sessiyasi o‘tkazildi.

Sessiyani Kengash raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Dastlab viloyat saylov komissiyasi raisi S.Nuriyevning 2020 yil 4 oktyabr kuni xalq deputatlari viloyat, shahar va tuman Kengashlariga bo‘shab qolgan deputatlik o‘rinlariga o‘tkazilgan saylov natijalari to‘g‘risidagi axboroti eshitildi.

Saylov yakunlari bo‘yicha xalq deputatlari viloyat Kengashida bo‘shab qolgan 24-Mitan saylov okrugidan Farhod Nazarov, 35-Mirbozor saylov okrugidan Yodgorbek Jo‘rayev, 50-Do‘stlik saylov okrugidan Zafar Karimov deputatlikka saylangani ma’lum qilindi. Ularga deputatlik nishoni va guvohnomalari topshirildi.

Shundan so‘ng, viloyatda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va ichki bozorda narxlar barqarorligini saqlash yuzasidan viloyat sektor rahbarlarining hisobotlari to‘g‘risidagi masala ko‘rib chiqildi.

Ushbu masala yuzasidan viloyat hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.

Qayd etilishicha, 2020-2021 yillar qish-bahor mavsumida ichki bozorni asosiy turdagi mahsulotlar bilan kafolatli ta’minlash maqsadida qaror qabul qilinib, 76 ming tonna mahsulot (40 ming tonna kartoshka, 17 ming tonna piyoz, 12 ming tonna sabzi, 7 ming tonna guruch) jamg‘arish belgilangan va bugungacha 21,6 ming tonna mahsulot jamg‘arilgan.

Viloyat hokimining qarori bilan mahsulotlar zaxirasini yaratish va oyma-oy bozorga chiqarish ishlarini moliyalashtirish maqsadida viloyat hokimligi hamda shahar va tuman hokimliklari qoshida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash jamg‘armasi tashkil etildi. Mahsulot xarid qilish uchun hududiy tayyorlov tashkilotlariga banklar tomonidan 10,3 milliard so‘m kredit ajratildi.

– Bugungi kunda viloyatimizdagi dehqon bozorlarida 20 ta arzonlashtirilgan mahsulotlar sotishga mo‘ljallangan ijtimoiy rastalar tashkil qilindi, – dedi E.Turdimov. – Dehqon bozorlari va savdo komplekslari qoshida 39 ta tayyorlov xarid korxonalari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular tomonidan 5057 tonna mahsulot zaxira qilinadi. 38 ta markaziy dehqon bozorlari va savdo komplekslarida “onlayn” videokameralar o‘rnatildi. Hozirda Samarqand shahrining Sartepa, Qorasuv massivlari va Kimyogarlar qo‘rg‘onida namunaviy loyihalar asosida yengil konstruksiyali “Yashil do‘kon”lar tashkil etilmoqda.

Hisobotda keltirilishicha, 2021 yilning may oyiga qadar viloyat aholisining kartoshkaga 84 ming tonna, go‘shtga 73 ming tonna, guruchga 19 ming tonna, un mahsulotiga 150 ming tonna, shakarga 21 ming tonna, o‘simlik yog‘iga 18 ming tonna va tuxumga 403 million dona ehtiyoji mavjud. Fermerlar va boshqa qishloq xo‘jalik korxonalari tomonidan joriy yilda yetishtirilgan kartoshka, sabzi, piyoz, tuxum, bug‘doy mahsulotlari hisobiga ushbu ehtiyoj to‘liq qoplanadi. Chunki bu yil viloyatda 1 million 654 ming tonna sabzavot, 126 ming tonna poliz, 630 ming tonna kartoshka, 337 ming tonna meva hamda  67 ming tonna dukkakli don mahsulotlari yetishtirilmoqda. Viloyatdagi 20 ta o‘simlik yog‘i ishlab chiqaruvchi korxonalar 6 oyda 76 924 tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega. Ehtiyoj uchun 10,9 ming tonna (62 foiz) mahalliy, 6,7 ming tonna (39 foiz) xorijdan yog‘ olib kelish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda viloyatda 182 ming 880 tonna mahsulotni saqlash quvvatiga ega 230 ta ombor faoliyat ko‘rsatmoqda.

Sessiyada ehtiyojmand oilalar ro‘yxati   (“temir daftar”) asosida ularga manzilli yordam ko‘rsatilishi to‘g‘risida viloyat hokimining o‘rinbosari – Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘i A.Umarovning,  viloyatda banklar va soliq idoralari, mutasaddi tashkilotlar tomonidan joylarda tadbirkorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazish, mavjud muammolarni muhokama qilish hamda “mijozbay” hal etish ishlari samaradorligini oshirish va soliq idoralarining kunlik faoliyatiga “soliqchi – tadbirkorga ko‘makchi” tizimni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi boshlig‘i O.To‘xtayev va viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Inog‘omovning, Oliy Majlis Senatining 2020 yil 28 fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga ota-onalar qaramog‘idan mahrum bo‘lgan, “Mehribonlik” uylarida tarbiyalangan yoshlarning jamiyatga ijtimoiy moslashuvidagi dolzarb masalalar yuzasidan yuborilgan parlament so‘rovi natijalari haqida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan viloyat hokimining o‘rinbosari X.Ochilovning, mahalliy byudjet daromadlarini oshirish va qo‘shimcha manbalarini shakllantirish yuzasidan viloyat moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i B.Mirzayevning hisobotlari tinglandi.

Bundan tashqari, sessiyada Oqdaryo tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturining joriy yilga mo‘ljallangan dasturi ijrosi ahvoli to‘g‘risida tuman hokimi N.Sulaymonov va sektor rahbarlari hisobot berdi.

Mazkur masala deputatlar tomonidan tanqidiy tahlil etilib, Oqdaryoda mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanilmayotgani ta’kidlandi. Bu borada sektor rahbarlari oldiga aniq savol va masalalar qo‘yildi.

“Samarqand hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyati direktori U.Jo‘rayevning viloyatda kuz-qish mavsumida aholini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan hisoboti ham bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Keyingi paytda tarmoqda kuzatilayotgan uzilishlar, debitor qarzdorlikning oshib borayotgani, elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (ASKUE)dagi kamchiliklar, belgilangan dasturlarning o‘z vaqtida bajarilmayotgani, sohadagi o‘zibo‘larchilik qayd etilib, mazkur holatlar yuzasidan korxona rahbarlaridan javob so‘raldi.

Umuman, muhokama etilgan har bir masalaga deputatlar saylovchilari manfaatidan kelib chiqib o‘z munosabati, nuqtai nazarini bayon etdi. Hisobot bergan rahbarlarga e’tirozini bildirish bilan birga takliflarini aytdi. Deputatlarning faolligi va har bir masalaga alohida e’tibor qaratayotgani, jamiyatda o‘z so‘ziga egaligi, jamoatchilik orasida munosib o‘rnini topib borayotgani tufayli ijro hokimiyati organlari rahbarlari ular bilan yaqin hamkorlikda ishlash zarurligini ta’kidladi. Xususan, viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i A.Inog‘omov xufyona iqtisodiyotga qarshi kurashishda deputatlardan bu borada targ‘ibot ishlarini kuchaytirish orqali yordam berishni so‘radi.

– Sessiya bahs maydoni bo‘lishi kerak, – dedi Kengash raisi E.Turdimov. – Hisobot yoki axborot berayotgan rahbar deputatlarga dardini ham aytsin, taklifini bildirsin.  Masalani deputalar bilan tahlil qilib, muammolarga yechim topish lozim. Biror bir masalani sessiyaga olib chiqish va muhokama etishdan ham maqsad shu – muammolarga xalq vakillari bilan birga, ularning fikrlarini inobatga olib yechim topish.

Deputatlar viloyatga turli yillarda rahbarlik qilgan O‘ktam Barnoyev va A’zamxon Bahromov nomini abadiylashtirish maqsadida Samarqand shahridagi ikkita ko‘chaga ularning nomini berish yuzasidan taklif bildirib, bu haqda tegishli komissiyaga murojaat yo‘llashga qaror qildilar.

Sessiyada viloyat Kengashi vakolatiga tegishli boshqa masalalar ham ko‘rib chiqilib, qarorlar qabul qilindi.

Sessiya ishida Oliy Majlis Senati a’zosi F.Boqiyev ishtirok etdi.