Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shahar avtoshohbekatining bugungi ahvoli Kattaqo‘rg‘onning azaliy nufuziga dog‘ tushiryapti

16 sentyabr kuni Zarnew.uz saytida joylashtirilgan «Kattaqo‘rg‘on shahrida nega avtobus yo‘q?» sarlavhali maqolani o‘qib, Xolmurod Soriyev o‘zining “facebook”dagi sahifasida quyidagi mulohaza va takliflarini bayon etgan.

“Buyuk Ipak yo‘lida joylashgan shahar (Kattaqo‘rg‘on) ko‘rinishi, ichki yo‘llari, bozori, avtoshohbekati bugungi kun talablariga mutlaqo javob bermaydi. Birgina, shaharning bu avtoshohbekatida bir paytlar butun respublikaga o‘rnak bo‘ladigan darajada qulayliklar mavjud edi. O‘zbekistonning barcha hududlariga bu maskandan avtobuslarning qatnov yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yilgandi. Bekat yonida hatto mehmonxona ham faoliyat ko‘rsatardi.

Bugun esa bu bekat xaroba ahvolga tushib, qandaydir qurilish firmasi uchun omborxonaga aylantirilgan. Tevarak-atrofdagi tumanlarga, Samarqand, Toshkent shaharlariga yo‘l olgan yo‘lovchilar bu yerga qadam bosmay qo‘yganiga ham ancha yil bo‘ldi.

Fikrimcha, mazkur bekatni tartibga keltirib, uning avvalgi mavqeini, undagi sharoitlarni tiklash, u yerda shaharlararo va tumanlararo avtobuslar harakatini yo‘lga qo‘yish, ko‘chalarini kengaytirish, litsenziyaga ega taksilar qatnovini ta’minlash vaqti keldi.

Shuningdek, Kattaqo‘rg‘on suv ombori yonida dam olish maskanlari barpo etish, dunyoga mashhur Payshanba holvasi-yu, parvardasi, hunarmandchilik mahsulotlari savdosini tashkil qilish orqali shaharga sayyohlarni ko‘proq jalb qilish lozim. Buning natijasida yangi ish o‘rinlari yaratiladi, xalqning farovonligi ortadi, muhimi, Katatqo‘rg‘on shahri o‘zining azaliy nufuzini yanada tiklaydi”.