Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shahar ko‘chalari qachon tartibga keltiriladi?

Samarqand viloyati Matbuot uyida viloyat hokimining o‘rinbosari Akmal Shukurov ishtirokida Samarqand shahridagi yo‘llar va turistik markaz qurilishi masalalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Ta’kidlandiki, Samarqand shahridagi ko‘chalarning umumiy uzunligi 844 kilometr bo‘lib, 2015-2018 yillarda 110 kilometr qismi 13,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga joriy ta’mirdan chiqarilgan. O‘tgan 2018 yilda 5,8 milliard so‘m evaziga shaharning ichki yo‘llaridan 39,3 kilometri ta’mirlandi.

- Shu yilning o‘tgan davrida 55,2 milliard so‘m mablag‘ ajratilib, shahar ko‘chalarining 95,1 kilometri ta’mirlandi, - deydi A.Shukurov. - Bugungi kunda shahar ichki yo‘llarining 379 kilometri ta’mirtalab holatda. Uzunligi 33,8 kilometr bo‘lgan 3 ta ko‘chani rekonstruksiya qilish uchun 106,7 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan bo‘lib, hozirda qurilish-ta’mirlash ishlari avjida. Bundan tashqari, 2019-2022 yillarda “Abu-Dabi” taraqqiyot jamg‘armasining 742,5 milliard so‘mlik mablag‘i hisobidan 10 ta yo‘l o‘tkazgich, tonnel va ko‘prik qurilishi rejalashtirilgan. Ko‘chalarimizni bosqichma-bosqich tartibga keltirish, shahar yo‘llarida vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilgan.

Shuningdek, tadbirda ko‘chalarni ta’mirlash bilan bir qatorda, yo‘l ostida tortilayotgan yangi gaz va suv tarmoqlari haqida, Samarqand eshkak eshish kanali atrofida bunyod etilayotgan turistik markaz xususida batafsil ma’lumot berildi.

Jurnalist va blogerlarni qiziqtirgan savollarga atroflicha javob qaytarildi.

To‘lqin SIDDIQOV.