Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sharafli mag‘lubiyat

Keniyalik yuguruvchi Abel Mutay marra chizig‘iga atigi bir necha metr qolganida belgilarda adashib, manzilga yetib keldim, deb o‘ylab, yugurishdan to‘xtadi. Undan keyinda kelayotgan ispaniyalik Ivan Fernandez raqibining xatosini tushunib, keniyalik yengil atletikachiga yugurishni davom ettirishi zarurligini aytib, baqira boshladi. Mutay ispan tilini tushunmagani bois hayron edi.

Fernandez Mutayning oldiga kelib, uni g‘alaba chizig‘i tomon itarib keldi. Bu holatni qiziqish bilan kuzatayotgan muxbirlardan biri Ivandan marraga birinchi bo‘lib yetib kelish o‘rniga, nega raqibiga yo‘l berganini so‘radi.

"Men doim bir-birimizning qo‘limizdan tutib, g‘alaba sari borishga yordam beradigan odamlar yashaydigan jamiyatni orzu qilaman", javob berdi Ivan Fernandez.

"Lekin naq bo‘lib turgan g‘alabani raqibiga tortiq qilish sportchilarga xos emas", bo‘sh kelmadi muxbir ham.

"Unga g‘oliblikni men tortiq qilganim yo‘q, zotan u g‘olib bo‘lib bo‘lgan edi".

"Qoidaga ko‘ra, sizda ham g‘olib bo‘lish imkoniyati bor edi", dedi boshqa muxbir.

"Unda mening g‘olibligim nimaga loyiq bo‘lar edi? Unda g‘oliblik medalining qadri qanchalik bo‘lardi? Meni kuzatayotgan onam bu ishimdan qanday holga tushar edi? G‘olib bo‘lish - yoqimli, ammo xato qilgan odamga ko‘maklashish - undan sharafliroq." -dedi...

Shuhrat SATTOROV tarjimasi.