Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shavkat Mirziyoyev Rejep Tayyip Erdog‘an bilan uchrashdi

Bugun, 15 oktyabr kuni ertalab Boku shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Davlat rahbarlari bir-birini samimiy qutlab, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik, ko‘p qirrali hamkorlik va strategik sheriklik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Turkiya Prezidenti O‘zbekiston rahbarini mamlakatimizning Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga qo‘shilgani bilan samimiy tabriklab, bu qaror ikki tomonlama aloqalar va mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishda muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.

Muzokaralarda konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, iqtisodiyot, savdo, investitsiyalar, energetika, turizm va boshqa yo‘nalishlarda amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakatning yetakchi kompaniyalari ishtirokidagi qo‘shma investitsiya loyihalarini qo‘llab-quvvatlash muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston va Turkiya Prezidentlari xalqaro siyosat va mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashdilar, shuningdek, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasini ko‘rib chiqdilar.